Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi O`zbekiston Respublikasidan Qozog`iston va Rossiya davlatlariga amalga oshirilgan eksport ko`rsatkichlari bo`yicha ushbu davlatlar statistika organlarining ochiq ma`lumotlarida tafovutlar borligi izoh berdi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan asosiy hamkor davlatlardagi bojxona xizmatlari bilan “onlayn” ma`lumot almashinuvi yo`lga qo`yilgan bo`lib, bunda eksportga rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklarasiyasi tovarlar eksport qilinayotgan xorijiy davlatning bojxona xizmatida onlayn tarzda ko`rinadi.
Bugungi kunda, Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan Qozog`iston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi bojxona xizmatlari o`rtasida to`liq “onlayn” axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan bo`lib, buning natijasida tovarlar savdosida keskin tafovutlar vujudga kelishining oldi olinadi.
2. Joriy yilning yanvar-oktyabr oylari yakuni bilan O`zbekiston Respublikasidan Qozog`iston Respublikasiga 951,4 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan bo`lib, shundan tovarlar eksporti 830 mln dollar, xizmatlar eksporti 121,4 mln dollarni tashkil etgan.
Qozog`iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida O`zbekiston Respublikasidan 833 mln dollarlik import amalga oshirilganligi ko`rsatilgan.
Ta`kidlash lozimki, Qozog`iston Respublikasi davlat daromadlari qo`mitasi tomonidan faqatgina tovarlar importi to`g`risidagi ma`lumotlar taqdim etilgan bo`lib, bunda xizmatlar importi to`g`risidagi ma`lumotlar aks ettirilmagan.
Shuningdek, joriy yilning yanvar-sentyabr oylari yakuni bilan O`zbekiston Respublikasidan Rossiya Federasiyasiga 1 mlrd 463 mln dollarlik, jumladan 1 mlrd 209 mln dollarlik tovarlar va 254 mln dollarlik xizmatlar eksporti amalga oshirilgan.
Rossiya Federasiyasining Federal bojxona xizmati ma`lumotlariga ko`ra joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston Respublikasidan 1 mlrd 170 mln dollarlik tovarlar importi amalga oshirilgan bo`lib, xizmatlar importi hisobga olinmagan.
Muhokamalarga sabab bo`lgan tashqi savdo aylanmasidagi raqamlarga e`tibor beradigan bo`lsak, bunda O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlarida tovarlar va xizmatlar eksport hajmlari birgalikda aks ettirilgan.
Hamkor davlatlar (Qozog`iston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi) statistik ko`rsatkichlarida esa faqat tovarlar hajmi ko`rsatilgan. Demak, farq qilayotgan raqamlar hajmi xizmatlar eksporti hissasiga to`g`ri keladi.
Davlat statistika qo`mitasi tomonidan mazkur mavzu bo`yicha bildirilgan izohda ta`kidlanishicha tovarlar eksportidagi kichik tafovutlar asosan quyidagi holatlarda yuzaga kelishi mumkin:
- yuritiladigan tashqi savdo hisobi tizimidagi farqlar;
- tovarlar bojxona qiymatining baholash xususiyatlaridagi farqlar ya`ni, bojxona chegarasini kesib o`tishi paytida bazis narxiga keltirilgan shartnomadagi tovarlar qiymati;
- tovarlarni hisobga olish vaqtidagi farqlar. Ya`ni, tashqi savdoda tafovutlar sababi vaqt bilan bog`liq bo`ladi. Masalan, bir mamlakatdan dekabr oyining oxirida chiqib ketgan tovar hamkor davlatga import qilingan sanada (misol uchun, yanvar oyida) bojxona statistikasida o`z aksini topadi.
3. O`zbekiston Respublikasida eksport amaliyotlari “nol” foizli QQS stavkasi qo`llanishi natijasida vujudga keladigan ortiqcha to`langan QQS solig`i eksportchi korxonaga o`rnatilgan tartibda qaytarib beriladi.
Bugungi kunda eksportga yuklangan mahsulot uchun valyuta mablag`lari to`liq kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjatlar Davlat soliq qo`mitasiga taqdim etilgan taqdirda QQS mablag`lari qaytarib beriladi.
Eksportga rasmiylashtirilgan tovarlar respublika hududini kesib o`tmagan taqdirda yoki qaytarib olib kirilgan holatda eksport sifatida aks ettirilmaydi.
Buning natijasida soxta eksport amaliyotlari orqali respublika byudjetidan QQS mablag`larini noqonuniy ravishda qaytarib olishning oldi olingan.
Shu bilan birgalikda, eksportchilarni qo`llab-quvvatlash va ularga qo`shimcha engilliklar yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 avgustdagi PQ–5231-son qaroriga muvofiq oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o`z vaqtida ta`minlab kelayotgan va eksport shartnomalari doirasida muddati o`tgan debitor qarzdorligi mavjud bo`lmagan intizomli soliq to`lovchilarga valyuta mablag`lari kelib tushmasdan oldin ham QQSni qaytarish tartibi joriy etilgan.