AsosiyJamiyat
3053

Kelgusi yilda IT xizmatlar hajmi 35 foiz oshirilib, 21 trillion so`mga etkaziladi

'Kelgusi yilda IT xizmatlar hajmi 35 foiz oshirilib, 21 trillion so`mga etkaziladi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev bu haqda bugun axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog`ida ma`lum qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Axborot texnologiyalari barcha sohalarda samaradorlik va qulaylikka xizmat qiladi. Shu bois bu borada ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda 100 dan ortiq IT-maktablar faoliyati yo`lga qo`yildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 500 mingdan ziyod yoshlar dasturlashni o`rgandi.

IT-parklar tashkil etilganidan buyon sohada eksport hajmi 50 barobarga ko`payib, 40 million dollarga etdi. Rezidentlar soni 147 tadan 500 taga oshdi, 300 dan ziyod yangi kompaniyalar faoliyati yo`lga qo`yildi. IT-parklarda 8 ming 500 ta yuqori daromadli ish o`rinlari yaratildi.

Bunday ishlarni davom ettirib, soha rivojini yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, yirik eksportyorlar bilan ishlab, IT-parklarda xizmatlar eksporti hajmini 80 million dollarga etkazish mo`ljallangan. Yalpi ichki mahsulotda raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish, elektron xizmatlar uchun engilliklar yaratish nazarda tutilgan.

Taqdimotda shu borada taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda IT xizmatlar hajmini 35 foiz oshirib, 21 trillion so`mga etkazish, dasturlash xizmatlarini ko`paytirish uchun barcha imkoniyat borligini ta`kidladi.

Sun`iy intellekt markazini ishga tushirishni jadallashtirish, xorijdan IT mutaxassislar jalb etish tartibini soddalashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelgusi yilda IT tarmoqlar tezligini 1,8 barobar oshirish hamda 1 million qo`shimcha keng polosali tarmoqlar o`rnatish vazifasi qo`yildi. Bu orqali aholi punktlarining barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan ta`minlanadi.

Prezident yangi texnologiyalar, avvalo, odamlarga xizmat qilishi,  qulaylik yaratishi zarurligini ta`kidladi. Oxirgi yillarda 300 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklga o`tkazilib, shu yilning o`zida ulardan 16 million marotaba foydalanilgan.

Kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko`rsatiladigan xizmatlar ulushi 60 foizga etkazilishi belgilandi.

Taqdimotda bu boradagi yana bir qulaylik: fuqaro pasportining raqamli profili haqida ma`lumot berildi. Gov Pass mobil ilovasi smartfonga o`rnatiladi va unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi ko`plab hujjatlar jamlanadi. Ya`ni, fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda bo`ladi. Bu vaqt va pulni tejab, qog`ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi.

“Xavfsiz shahar” tizimi ijrosiga doir masalalarga ham alohida e`tibor qaratildi. 2026 yilgacha bu tizimni to`liq joriy etish vazifasi qo`yildi.

Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirishning moliyaviy manbalarini mustahkamlash bo`yicha ham ko`rsatmalar berdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar