AsosiyJamiyat

UZEX birjasining 2021 yildagi TOP-10 eng muhim voqealari e`lon qilindi

'UZEX birjasining 2021 yildagi TOP-10 eng muhim voqealari e`lon qilindi'ning rasmi

Yangi 2022 yil kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. “O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ faoliyatida yakuniga etayotgan 2021 yilda bir qator yangiliklar va muhim o`zgarishlar sodir bo`ldi. Birja ana shunday katta ahamiyat kasb etgan 10 ta eng muhim voqealarni sarhisob qildi.

1. UZEX birjasi “Elektron davlat xizmatlari sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Birjaning IT-loyihalari, xususan, elektron tijorat bo`yicha barcha savdo tizimlari yuqori e`tiroflarga erishdi.

Davlat xaridlari sohasidagi barcha savdo tizimlari orqali yuqori iqtisodiy ko`rsatkichlar qayd etilayotgani ta`kidlandi. Birjaning yana bir savdo tizimi - avtoraqam.uzex.uz O`zbekistondagi eng muvaffaqiyatli IT-loyihalardan biri, deb topildi.

2. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish menedjmenti tizimi” ISO 37001:2016 xalqaro standarti bo`yicha sertifikatga ega bo`ldi. Birjani sertifikatlash “SERT international” sertifikatlash organi tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, birja sifat menedjmenti tizimining navbatdagi kuzatuv auditidan muvaffaqiyatli o`tdi va birja savdolari, elektron davlat xaridlari va elektron tijoratni tashkil qilish va o`tkazish bo`yicha ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga mos deb topildi.

3. Tadbirkorlar va xo`jalik yurituvchi barcha sub`ektlar uchun ochiq birja savdolari orqali tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyati kengaydi. Xususan, polivinilxlorid, formalin, etil spirti, kumush, neft va gaz kondensati kabi yangi tovar turlari bo`yicha birja shartnomalari ochildi.

4. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining rasmiy uzex.uz vebsayti modernizasiya qilindi. Muhim ma`lumotlar va foydali servislar vebsaytning asosiy sahifasiga joylashtirildi. Vebsaytning ichki sahifalarining dizayni ham o`zgartirilib, uning qulay va sodda navigasiyasi ham joriy etildi. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining rasmiy uzex.uz sayti tashrif buyuruvchilarning soni bo`yicha elektron tijorat yo`nalishida ikkinchi o`rinni egalaydi. Har kuni vebsaytga o`rtacha 18 mingta noyob foydalanuvchi tashrif buyuradi.

5. Tadbirkorlarning davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish, hamda buyurtmachi va etkazib beruvchilarning davlat xaridlarida ishtirokini soddalashtirish maqsadida xarid.uzex.uz yangi yagona portal ishga tushirildi. Mazkur portalda davlat xaridlarning barcha turlari birlashtirildi.

Shuningdek, portalda yagona onlayn ro`yxatdan o`tish va shaxsiy kabinet, shuningdek, har bir mahsulotning barcha parametrlari va texnik xususiyatlarini ko`rsatuvchi tovar va xizmatlar klassifikatori joriy etildi.

6. Evropada o`zbek birjasining birinchi savdo maydonchasi ochildi. Riga (Latviya) shahrida ochilgan birjaning xorijiy savdo maydonchasi oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovar resurslari uchun narxlarning barqarorligini import hisobiga ta`minlash va saqlash, shuningdek, mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida ochilgan.

7. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida fyuchers savdolarini tashkillashtirish maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, AQSh va Rossiya Federasiyasining xalqaro birjalari, brokerlik idoralari, davlat nazorat organlari, softver va IT kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari o`rnatildi. 

Loyihaning dastlabki bosqichida Moskva birjasining texnologik echimlaridan foydalangan holda suyultirilgan gaz va sement uchun hisob-kitob fyuchers kontraktlari bo`yicha test rejimida dastlabki elektron birja savdolari o`tkazildi.

8. UZEX platformasida qisqa, ya`ni 4 ta belgili raqamlar sotila boshlandi. Onlayn-auksionlarda faqat yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin bo`ladi. Buning uchun mobilraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn ro`yxatdan o`tishlari va birjaning hisob-kitob kliring palatasi (HKP)ga zakalat va vositachilik yig`imi uchun kerakli mablag`larni kiritishlari kerak. 

9. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi markaziy binosida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Xalqaro birjalar uyushmasining (MDH XBU) Umumiy yillik yig`ilishi bo`lib o`tdi. Majlisda 18 ta yirik birja rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdilar. 

Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Birjalari Xalqaro Uyushmasi (MDH BXU) 2000 yil aprel oyida Moskvada uyushgan moliya bozorlarini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida tuzilgan. O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi 2004 yildan buyon MDH BXU a`zosi hisoblanadi. 

10.  Birja faoliyatini keng jamoatchilikka tushuntirish, tadbirkorlik sub`ektlarini birja savdolari va elektron tijoratga keng jalb etish maqsadida tadbirkorlar ishtirokida 30 dan ortiq forumlar, seminarlar, davra suhbatlari, matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar va OAV vakillari hamda tadbirkorlar ishtirokida boshqa ommaviy tadbirlar o`tkazildi. Yil davomida mamlakatning har bir hududida iqtisodchi-o`qituvchilar va xorijiy mutaxassislar ishtirokida birja a`zolari va xodimlari uchun o`quv seminarlari va treninglar tashkil etildi.

2021 yil mobaynida O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida amalga oshirilgan ishlar va ishga tushirilgan yangi loyihalar natijasida birja savdolarida ishtirok etayotgan tadbirkorlarning soni avvalgi yilga nisbatan 31,4 mingtadan 59,7 mingtagacha, deyarli ikki barobarga oshdi.

Yil yakunlariga ko`ra O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi qariyb 86,1 trln so`mni tashkil qildi, bu mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining tahminan 12% ga  mos keladi. Birja tovar aylanmasi 2020 yilga nisbatan 63 % ga, 2019 yilga nisbatan ikki marotabaga o`sgan.

    Boshqa yangiliklar