Ijtimoiy tarmoqda "Toshkent shahrida YPX xodimi va haydovchi o`rtasida katta tortishuv kelib chiqdi" sarlavhasi ostida video tarqaldi.
YHXBB holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilmoqda.
2021 yil 28 dekabr kuni Toshkent shahar, Mirobod tumani, Farg`ona yo`li va Ulfat ko`chalari kesishgan chorrahada svetoforning harakatni taqiqlovchi chirog`iga rioya qilmagan "Lacetti" rusumli avtomobil haydovchisiga YPX xodimi H.Nomozov tomonidan to`xtash ishorasi ko`rsatilgan. Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatda davom etgan. Ko`rilgan choralar natijasida haydovchi Farg`ona yo`li va Mo`ynoq ko`chalari kesishgan chorrahada to`xtatilgan.
O`zaro muloqot jarayonida haydovchi me`yoriy hujjatlarini YPX xodimiga berishdan bosh tortib, e`tirozlar bildirib, qonuniy talabni bajarmaslikda davom etgan va "102" raqami orqali hududiy IIBga murojaat qilgan. Voqea joyiga profilaktika inspektori ham etib kelgan. Haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan Sh.M.ga tushuntirishlar berilib, unga nisbatan svetoforning harakatni taqiqlovchi chirog`iga rioya qilmaganligi va YPX xodimining qonuniy talabiga bo`ysunmaganligi bo`yicha ma`muriy bayonnoma tuzilib, "Lacetti" rusumli transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo`yilgan.