Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida turli jarohat va tug`ma nuqsonlar, tayanch-harakat a`zolari shakli va funksiyalari buzilishi bilan bog`liq xastaliklar davolanadi.
SSV Matbuot xizmati markaz direktori Murod Irismetov bilan 2021 yilda muassasa faoliyatidagi muhim o`zgarishlar, amalga oshirilgan murakkab operasiyalar, aholi orasida eng ko`p uchraydigan ortopedik kasalliklar xususida suhbatlashdi.
— Yirik bo`g`imlarni endoprotezlash, artroskopik operasiyalar, umurtqa endoskopik xirurgiyasi, bolalarda ko`krak qafasi deformasiyalari, skolioz, suyak va bo`g`imlarning tug`ma anomaliyalarini operativ davolash singari yo`nalishlarda markazda yangi standartlar asosida murakkab jarrohlik amaliyotlari o`tkazilmoqda, — deydi M. Irismetov. — Mamlakatimizda ilk marotaba perkutan transforaminal endoskopik diskektomiya amaliyoti va tizza artrozlarini kichik boldir suyagi rezeksiyasi yo`li bilan davolash muassasamizda yo`lga qo`yildi.
Qolaversa, malakali mutaxassislarimizning hududlarga muntazam chiqishlari tashkil etilmoqda. Bu jarayonda 2 ming 788 nafar bemorga tibbiy yordam ko`rsatilib, 141 ta mahorat darsi o`tkazildi. Joylarda amalga oshirilgan 240 dan ziyod operasiyalarning 141 tasini yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari tashkil qildi.
Bundan tashqari, 2021 yil tibbiyot markazida bajarilgan 7 ming 150 ta operasiyadan 3 ming 968 tasi ham ana shunday murakkab amaliyotlar hisoblanadi. Taqqoslash uchun aytsak, 2020 yil davomida o`tkazilgan 5 ming 42 ta operasiyadan 2 ming 837 tasi yuqori texnologik amaliyotlardan iborat edi.
Ma`lumotlarga ko`ra, kattalar ortopedik kasalliklari orasida yirik bo`g`imlar artrozlari, umurtqa pog`onasi osteoxondrozi va uning oqibatlari birinchi o`rinda turadi. Ushbu kasalliklarning kelib chiqishiga semizlik, kamharakatlik, noto`g`ri ovqatlanish kabi qator omillar sabab bo`ladi.
Bolalar ortopedik kasalliklari orasida son suyagining tug`ma chiqishi, tug`ma bo`yin qiyshiqligi va tug`ma maymoqlik ko`p uchraydi. Oyoq panjalarining statik va tizzalar deformasiyalari orttirilgan patologiyalar orasida eng yuqori o`rinlarni egallaydi.
Ana shu kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashda markazimizda yaratilgan shart-sharoitlar, bu erda amaliyotga tatbiq etilayotgan ilg`or muolaja usullari qo`l kelmoqda.