Avval xabar berganimizdek, Nodirbek Abdusattorovga "Mard o`g`lon" mukofoti topshirildi. Shundan so`ng, uning otasi Fazliddin o`g`lining ushbu yutuqlari hali boshlanishi ekanligini aytib, butun ommaviy axborot vositalariga chiqish qildi, deya yig`ilishdan ma`lum qiladi Darakchi.uz' muxbiri Karimjon Zaripov.
"Nodirbek haqida qancha gapirsam oz. Albatta, bu yutuqlar o`z-o`zidan bo`lgani yo`q. Har bir ota-ona farzandining baxtini ko`rishni istaydi. Shuning uchun, bor topganini bolalariga sarflaydi. Shu qatori, men ham ozmi-ko`pmi harakat qilib ularni ta`lim olishiga sharoit yaratdim, o`zbek millatining dovrug`ini jahonga yoyadigan qilib tarbiyalashga harakat qildim. Bu harakatlarim besamar ketmadi, deb o`ylayman. O`g`limiz bu ishonchni oqlab, o`zbek xalqini butun dunyoga ko`rsatib qo`ydi va hali bu boshlanishi. Nasib etsa farzandim kelajakda o`z ustida ishlab, boshqa yo`nalishlarda ham shaxmat tojini O`zbekistonga olib keladi".
Shuningdek Nodirbekning otasi barcha o`zbekistonliklarni kirib kelgan yangi yil bilan muborakbod etdi.
"Shu fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni 2022 yil bilan tabirklayman. Ushbu yil barchamizga barakali kelsin. Hammangizga kuch-quvvat bersin",-deya tilaklarini ifoda etadi u.






