Yangi yilning birinchi kunida Buyuk Britaniyaning ommabop "The Independent" onlayn-nashri saytida "2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar" sarlavhali maqola e`lon qilindi.
Nashr tahririyati ushbu sohaga ixtisoslashgan jurnalistlarning tavsiyalari asosida sayohat qilish uchun eng ommabop 10 ta yo`nalishni e`lon qilgan. Ushbu ro`yxatga Normand orollari, Shimoliy Irlandiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Misr, Butan va O`zbekiston kiritildi.
Nashrning sayyohlik bo`yicha muharriri Helen Koffi ushbu ruyxatdan o`rin olgan O`zbekiston haqida to`xtalar ekan, Ipak yo`lining madaniy va tarixiy jihatdan qoq markazida joylashgan, boy merosga ega mamlakatga sayohat qilish taassurotlarga boy bo`lishini ta`kidlagan.
O`zbekiston bir necha yil avval Buyuk Britaniya fuqarolariga viza talablarini engillashtirgani, endi ular mamlakatda vizasiz 30 kungacha bo`lib turishi mumkinligi qayd etilgan.
Muallif O`zbekistonga safarni rejalashtirayotganda o`z o`quvchilariga joriy yil o`tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro festivallar va boshqa yirik madaniy tadbirlarni o`z jadvaliga kiritishni maslahat bergan. Uning aytishicha, ushbu madaniy tadbirlar, albatta, sayyohlar orasida katta qiziqish uyg`otadi.
Helen Koffi Xivada o`tkaziladigan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Mo`ynoqdagi “Stixiya” musiqa festivali, Qo`qonda uyushtiriladigan lavanda festivali, Samarqandda har ikki yilda bo`lib o`tadigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Toshkent va Buxorodagi «Ipak yo`li» adabiy festivali, Qo`qon hunarmandlar xalqaro festivali va Toshkent xalqaro kinofestivalini sanab o`tgan.
Bundan tashqari, san`at va me`morchilik ixlosmandlari e`tibori bu yil ochilishi kutilayotgan Islom sivilizasiyasi markazi va qayta ta`mirlangan Davlat san`at muzeyiga ham qaratilgan.