Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, "Chimyonda dam oluvchilarning e`tirozlari aks etgan videolavha yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.
Bugungi kunda dam olish maskaniga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida tegishli mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ishchi guruh tashkil qilingan va hududdagi (ot, kvadratsikl, snoubort, tyubing, chang`i va boshqa) ko`ngilochar sport turlari bilan shug`ullanuvchi sport ixlosmandlari va yakka tartibdagi dam oluvchilar o`rtasida turli xil ko`ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish choralari ko`rilmoqda.
Xabarda aytilishicha, dam olish maskanidagi qo`lbola to`siqlar esa bu borada vaqtinchalik chora sifatida o`rnatilgan. Ayni paytda dam oluvchilar bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlar yuz bergani haqida ma`lumotlar yo`q.
Ma`lumot uchun:
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumani Chimyon qishlog`idagi “Paxtakor sport bazasi” sportning qishki va murakkab texnik turlari bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi balansiga o`tkazilgan. Xalq orasida “Chimyon dam olish maskani” deb ham yuritiladigan bu maskanning haqiqiy er maydoni 86,6 gektarni tashkil etadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4583-son Qarori bilan “O`zbekistonda qishki sport turlarini 2020 — 2023 yillarda rivojlantirish dasturi” tasdiqlangan. Unda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi 102-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda mazkur maskan bo`sh turgan ob`ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi tomonidan tegishli tartibda “E-IJRO AUKSION” orqali Azimov Javohir Azim o`g`liga 2021 yil 29 noyabrdagi № 007649/123-21-sonli shartnoma bilan ijaraga berilgan.






