6 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat rahbarlari O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollarini, hamkorlikni yanada faollashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat, xususan, Qozog`istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdilar.
Prezidentlar Qozog`istonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan barcha choralarni ko`rish zarurligi to`g`risida umumiy fikr bildirdilar.
Shu bilan birga, davlat rahbarlari vujudga kelgan holatni tinch yo`l bilan hal qilishga chaqirib, zo`ravonlik va vaziyat keskinlashuviga yo`l qo`ymaslik muhimligini ta`kidlab o`tdilar.