Shoir Bobur Bobomurod o`zining she`riy asarlarga nisbatan mualliflik huquqlari buzilganligi haqida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga arz qilgan.
Agentlikning ma`lum qilishicha, murojaatda estrada xonandalari Farhod va Shirin shoirga tegishli bo`lgan “Farhod va Shirin” xizmat ko`rsatish belgisidan uning roziligisiz, hech qanday shartnoma tuzmasdan foydalanib yurgan. Bobur Bobomurod buning uchun xonandalarga tegishli chora ko`rilishini agentlikdan so`ragan.
Murojaatda keltirilgan holatlarni o`rganish jarayonida fuqarolar S.F.(Farhod) hamda Z.Sh.(Shirin) tomonidan muallif B.Bobomurodovga tegishli bo`lgan “Qalbim bahori”, “Hayot” nomli she`riy asarlarni muallif bilan hech qanday shartnoma tuzilmasdan huquq egasining ruxsatisiz barchaning e`tiboriga etkazilganligi va omma oldida ijro etilganligi aniqlangan.
O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonunining 6-moddasiga ko`ra adabiy asarlar mualliflik huquqi obektlaridan biri hisoblanadi va qonun bilan himoya qilinadi.
Shuningdek, Qonunning 19-moddasiga asosan muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda, xususan asarni barchaning e`tiboriga etkazish, asarni omma oldida ijro etishda mutlaq huquqlarga ega.
Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat`i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.
️Qonunning 62-moddasiga ko`ra huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi.
️Bundan tashqari, Agentlik tomonidan B.Bobomurodov tomonidan taqdim etigan hujjatlarni o`rganish natijasida yuqorida keltirilgan fuqarolar tomonidan o`z xonandalik faoliyatida foydalanilayotgan “FARHOD va ShIRIN” so`zi B.Bobomurodovga tegishli bo`lgan MGU 43187-son “FARHOD va ShIRIN” xizmat ko`rsatish belgisi bilan o`xshashligi aniqlangan.
“Tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to`g`risida”gi Qonunning 26-moddasiga muvofiq tovar belgisi va xizmat ko`rsatish belgisining egasi tovar belgisidan foydalanish va uni tasarruf etish mutlaq huquqiga ega bo`lib, tovar belgisi va xizmat ko`rsatish belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo`llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o`zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o`xshash bo`lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e`tirof etiladi.
Yuqoridagilarga asosan, fuqaro S.F. hamda Z.Sh.ning harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177-moddasining birinchi qismida va 177(1)-moddasining birinchi qismida belgilangan asardan qonunga xilof ravishda foydalanish holati hamda huquq egasiga tegishli bo`lgan tovar belgisidan o`z xonandalik faoliyatida foydalanayotganligi sababli Agentlik tomonidan holat bo`yicha ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborildi", - deyiladi agentlik xabarida.
️