Dunyoda koronavirusga chalinish bo`yicha kunlik rekord yana yangilandi. Kecha sayyoramiz bo`yicha 2 million 700 mingdan ziyod kishida “SOVID-19” aniqlandi. Bu — 6 yanvar holatiga nisbatan qariyb 200 mingta ko`p ko`rsatkich.
O`sish sur`atlari qayd etilgan mamlakatlar orasida AQSh har doimgidek birinchi — 730 mingdan ziyod holat. Fransiyada esa 328 ming, Ispaniyada 242 ming, Buyuk Britaniyada 178 ming bemorda koronavirus ro`yxatga olindi. Yangi holatlarning aksariyatini “omikron” shtammi tashkil etmoqda.
Bunday murakkab epidemiologik vaziyat qator mamlakatlarda yangi-yangi muammolarni keltirib chiqarayotir. Masalan, Buyuk Britaniyada tibbiyot xodimlari etishmovchiligi tufayli harbiy xizmatchilar shifokorlarga yordamlashishga kirishdi.
Birgina London shahrining o`zida 200 nafar askar uch hafta davomida sog`liqni saqlash xizmati ixtiyoriga berildi. Shuningdek, hukumat kasallik uchun test olish va emlash jarayonida ham harbiylar ko`magidan foydalanmoqchi.
Italiyadagi shoshilinch tibbiy yordam muassasalarida ham o`rin-joylar allaqachon to`lib bo`lgan. Shu sababli endi bemorlarni maxsus chodirlarda muolaja qilish yo`lga qo`yildi.
Gresiya hukumati 7 yanvarda fuqarolik safarbarligi to`g`risidagi buyruqni imzoladi. U 12 yanvardan kuchga kiradi. Hujjatga ko`ra, ba`zi xususiy shifokorlar SOVID-19ni davolashga ixtisoslashgan davlat kasalxonalariga jalb etiladi.
Avstraliya rasmiylari esa mamlakatning ba`zi shtatlarida yanvar oyi oxiriga kelib pandemiya to`lqini cho`qqiga chiqishidan jiddiy xavotirda. Shu tufayli bu erda ba`zi cheklovlar qayta tiklanmoqda.
Misol uchun, oxirgi uch kun ichida Yangi Janubiy Uelsda 100 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Oqibatda kasalxonalarda shoshilinch bo`lmagan operasiyalar qoldirildi, klub, diskoteka va shu kabi manzillarda qo`shiq aytish hamda raqsga tushish taqiqlandi.
Yaponiya ham “omikron” bilan kasallanganlar soni ortib borayotgani tufayli bir qator prefekturalarda karantin cheklovlarini kuchaytirmoqda. Jumladan, uch hududda bar va restoranlar ish soatlari cheklangan.
Ispaniya olimlarining ta`kidlashicha, “omikron” — insoniyat tarixidagi eng yuqumli virus. U hozirgacha bu borada qayd etilgan barcha rekordlarni yangiladi.
Xususan, tibbiyot tarixi bilan shug`ullanuvchi olim Anton Arakorkening ta`kidlashicha, “omikron” bizga ma`lum viruslar ichida eng “portlovchi” mikroorganizmdir. XIX asrda vaboning dunyo bo`ylab tarqalishi uchun yillar kerak bo`ldi. Yangi mutasiya esa bu marrani bir oydayoq “zabt” etdi.






