Joriy yilning 7 dekabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudi binosida o`tkazilgan ochiq sud majlisida o`z akasini o`limiga sababchi bo`lgan ukaga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.
1990 yilda tug`ilgan Sh.Odilov (shaxsi o`zgartirilgan) 2021 yil 4 avgust kuni soat 9 larda o`zi ishlab kelayotgan Navoiy shahar, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig`ini hududida joylashgan “Shoxjahon Shamshiri” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan, u yollanma ishchi sifatida ishlab kelayotgan “Sulton saroy” nomli qurilish ob`ektiga kelib, qurilish ob`ektining 3-qavatidagi o`zlariga ovqatlanish va dam olish uchun ajratilgan xonada akasi E.Odilov (shaxsi o`zgartirilgan) bilan birgalikda ovqatlanib, spirtli ichimliklar iste`mol qilib, mast holatda soat 13 larda ish haqlari masalasida akasi E.Odilov bilan o`rtalarida kelib chiqqan o`zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib qolib, akasi E.Odilovning bosh qismiga shu erda turgan ketmon dastasi bilan bir marotaba urib, unga tan jarohati etkazgan.
Natijada, E.Odilov RShTYoIM Navoiy viloyat filialiga yotqizilib, ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 09.08.2021 yilda kasalxonaning jonlantirish bo`limida o`ziga kelmasdan vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialining 17.08.2021 yildagi 137-sonli xulosasiga ko`ra, marhum E.Odilovning tanasida “bosh peshona chap yarmi, chap chakka sochsiz qismida, chap yonoq sohasida shilinmalar, ikkala ko`z yuqori va pastki qovoq sohalarida egallangan, o`ng ko`z olmosi oqish pardasi ostiga qon quyilishlar, kalla yumshoq to`qimalariga chap chakka peshona chap yarmi va tepa sohasida qon quyilishi, chap chakka mushagiga qon quyilishi, kalla gumbaz va asos suyaklarining sinishi, bosh miya pardalari ostiga qon quyilishi, bosh miyaning og`ir darajali lat eyishi kabi jarohatlari mavjud bo`lib, ushbu jarohatlar uning hayotligida o`tmas qattiq jism ta`sirida yuzaga kelgani hamda bu tan jarohatlari “Hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohatlari” guruhiga kirishi va uning o`limi sababi bilan bevosita bog`liq ekanligi” ko`rsatilgan.
Sud, Sh.Odilovni sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, muqaddam sudlanmaganligini, aybiga to`liq iqrorligini, qonuniy vakilning da`vosi yo`qligini, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoiti inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismi “d” bandi JKning 57-moddasini qo`llab, 5 (besh) yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Habilulla Tuxtaev, Jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudi sudyasi






