AsosiyJamiyat

“Xasta bo`lma” mojarosi: sud qarori o`zgarishsiz qoldi. Yulduz Usmonova she`r muallifiga katta miqdorda kompensasiya to`laydi

'“Xasta bo`lma” mojarosi: sud qarori o`zgarishsiz qoldi. Yulduz Usmonova she`r muallifiga katta miqdorda kompensasiya to`laydi'ning rasmi

2021 yil 20 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudiga da`vogar Y. Ro`ziev javobgar Yu. Usmanovaga nisbatan “Xasta bo`lma” qo`shig`ining she`r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo`yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo arizasi bilan murojaat qilgandi.

Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qilishicha, 29 oktyabr kuni qabul qilingan hal qiluv qarori bilan da`vo ariza qisman qanoatlantirilib, Yu. Usmanovadan da`vogar Y. Ro`zievga 50 000 000 so`m ma`naviy zarar uchun kompensasiya, bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobar miqdorida etkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan.

Bugun, 18 yanvar kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan apellyasiya shikoyatini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni tugadi. Sudning ajrimiga ko`ra, da`vogar Y. Ro`zievning javobgar Yu. Usmanovaga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo`yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudining 2021 yil 29 oktyabrdagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Apellyasiya tartibida ko`rilgan hal qiluv qarori hamda apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan e`tiboran bir yil ichida kassasiya shikoyati (protest) berilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar