Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi maktab o`qituvchilari ertalabki badantarbiyada Shakiraning qo`shig`iga o`ynagani aks etgan video tarqaldi. Ushbu video tarmoq foydalanuvchilari muhokamasiga sabab bo`ldi.
Xalq ta`limi vazirligi video bo`yicha munosabat bildirdi.
"Ushbu videoning qaysi joyida ko`zbo`yamachilik ko`rdingiz?
Afsuski ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim kanallar tomonidan ushbu videoga "Ko`zbo`yamachilikning tubi bormi" deya "ta`rif" berilgan.
Nahotki, inson salomatligi va kayfiyati uchun amalga oshirgan ushbu ritmik badantarbiya mashqi ham biz uchun salbiy taasurot uyg`otsa?!
Sog`lom turmush tarzi fasl va joy tanlamaydi. Rivojlangan davlatlarda ham ish kuni mana shunday badantarbiya mashqlari bilan boshlanadi. Bunday kayfiyatda boshlangan kun ish faoliyatida ham o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatadi.
Mashqlar o`qituvchilarga qanchalik kayfiyat bag`ishlayotganini payqash qiyin emas"-deyiladi XTV munosabatida.
Ma`lumot o`rnida: videoda Andijon viloyati Jalaquduq tuman 1-IDUM xodimlarining ertalabki ritmik gimnastika mashg`ulotlari aks etgan.