Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Norin tumanidagi 1-maktab o`quvchisiga berilgan noutbuk qaytarib olingani haqidagi videomurojaat tarqaldi.
Videomurojaatda aytilishicha, Murodjon ismli o`quvchi Respublika miqyosida o`tkazilgan onlayn olimpiadada matematika fani bo`yicha faxrli 1-o`rinni qo`lga kiritgani evaziga berilgan noutbuk qaytarib olingan.
"2022 yil 10 yanvar kuni bo`lib o`tgan Respublika onlayn olimpiadasida birinchi o`rinni egalladim va menga noutbuk bilan faxriy yorliq berildi. Ammo bu notbukni maktabimiz o`qituvchilari olib qo`ydi. Sababini so`raganimda "bu mukofot seniki emas", chunki seni nomingdan biz ishlaganmiz, mehnat qilganmiz" dedi. Mukofotni esa maktabimiz metodistiga berildi", - deyiladi videomurojaatda.