AsosiyJamiyat

O`zbekiston elektrsiz qolgan kun koronavirusga qarshi vaksinalar qanday asraldi? Respublika SES izoh berdi

'O`zbekiston elektrsiz qolgan kun koronavirusga qarshi vaksinalar qanday asraldi? Respublika SES izoh berdi'ning rasmi

Ma`lumki, 25 yanvar kuni respublikamizning aksariyat hududlarida elektr energiyasi ta`minotida uzilish kuzatildi.

Koronavirusga qarshi emlashda ishlatiladigan vaksinalarning ayrimlari muzlatilgan holda va ayrimlari esa sovuq holda saqlashni talab etadi. Elektr ta`minotidagi uzilishlar paytida hududlardagi vaksinalarni saqlash omborlari va vaksinalar mavjud poliklinikalar elektr toki bilan uzluksiz ta`minlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov ma`lum qildi. 

"Elektr energiyasi o`chishi natijasida bironta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan. Bugungi kunda respublikamiz bo`yicha jami 221 ta vaksina saqlash omborlari bor. Ularning 206 tasi kichik omborxonalar bo`lib, ular tumanlarda joylashgan, 14 tasi Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida va bittasi O`zbekiston Milliy vaksinalar saqlash ombori hisoblanadi. 25 yanvarda kuzatilgan elektr energiyasi ta`minotidagi uzulishlar paytida vaksina saqlash omborlari maxsus generatorlar yordamida uzluksiz elektr toki bilan ta`minlandi. Chekka-chekka tumanlardagi vaksina saqlash omborlarining barchasida generatorlar yo`qligi bois ular dvijoklar yordamida elektr energiyasi bilan ta`minlandi. 27 yanvar holatiga ko`ra O`zbekistonda 7 milliondan ortiq ishlatilmagan vaksinalar bor. Bular Moderna, Pfizer va ZF-UZ-VAC2001 vaksinalari", - deydi matbuot kotibi. 

Diloram Tursunova, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Vaksinalar va immunoprofilaktika bo`limi boshlig`i: 

–Har bitta emlash ishlarini olib boradigan poliklinikalarning o`z generatorlari bor. Elektr toki o`chgani bilan bu ularning ishiga ta`sir qilmagan, qanday ishlagan bo`lsa, shunday ishlashni davom etgan. Shu sababli, bir dona vaksina ham yaroqsiz holga kelmagan. Ma`lumot o`rnida aytish kerakki poliklinikalar oldinroq 1 oy muddatga etadigan vaksinalarni olib ketgan. Hozirgi paytda O`zbekiston bo`yicha 3138 ta emlash punktlari bor.

 

    Boshqa yangiliklar