Birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar haddan ziyod ko`pligi bois ularning asosiy ish vaqti turli jurnal va hisobotlarni to`ldirish bilan bog`liq ortiqcha jarayonlarga sarflanar edi.
Oqibatda shifokorlar qabulida uzundan uzoq navbatlar yuzaga kelishi tabiiy.
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot kotibining xabar berishicha, bundan bir muddat oldin vazirlikda o`tkazilgan uchrashuvda amaliyot uchun foydali bo`lmagan hujjat va hisobot shakllarini qisqartirish yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan.
O`tgan qisqa vaqt ichida vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu boradagi vaziyatni chuqur o`rganib, mavjud 26 turdagi jurnal hamda 33 turdagi hisobot shakllaridan bir qismi amaliyotda keraksiz, degan xulosaga kelingan.
Ta`kidlanishicha, aholi juda ko`p murojaat qilgan pallalarda qabul bo`limi hamshirasining “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali”ni to`ldirishi juda ko`p vaqt yo`qotilishiga, oqibatda odamlarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lgan. Qolaversa, bemorlar qabul bo`limidan ro`yxatdan o`tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro`yxatga yozilishi zarur bo`lgan.
“Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali”ga esa noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo`lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun ko`ngilsiz holatlar sodir bo`lmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart edi",-deyiladi xabarda.
Yana bir misol keltirilishicha, oilaviy poliklinikaning muolaja hamshirasi har bir bemorga “ukol” qilgach, buni bir nechta blankalar, hatto maxsus jurnalga ham “falon dona shpris, falon gramm spirt, falon gramm paxta ishlatildi” degan ma`lumotlar bilan yozib borishi lozim bo`lgan. Bu esa boshqa bemorlarning uzoq kutib qolishiga sabab bo`lgan.
Ana shunday noxush holatlarga chek qo`yish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`i qabul qilingani aytiladi.
Unga ko`ra, shu yil 1 fevraldan ko`p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida yuritiladigan 26 turdagi tibbiy hisob jurnallaridan 14 tasi qoldirildi. Qolgan 14 tasidan 10 tasi soddalashtirildi. 33 turdagi tibbiy karta va blankalar esa 14 tagacha qisqartirildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan tibbiy hisob hujjat shakllaridan foydalanish qat`iyan man etildi.
"Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini ortiqcha qog`ozbozlik, ya`ni, hisobotu hujjatlar to`ldirishga emas, balki bosh vazifasi bo`lgan bemorlarni davolashga yo`naltiradi",-deyiladi matbuot kotibi xabarida.






