Parvarishga muhtoj yolg`iz pensionerlar va 100 yoshdan oshgan fuqarolarga kompensasiya to`lovi uchun byudjetdan 36, 4 mlrd so`m ajratiladi. Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi bo`lim boshlig`i Davron Pozilov ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qo`llab-quvvatlashga oid Prezident Farmoniga bergan sharhida ma`lum qildi.
Hozirga qadar 5 turdagi imtiyozli toifaga ega salkam 70 ming fuqaroga uy-joy kommunal xizmatlari xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensasiya pullari to`lab kelingan.
Prezident Farmoniga ko`ra, joriy yil 1 martdan e`tiboran yana 30 ming nafar o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz nafaqa oluvchiga ham 130 ming so`m miqdorida kompensasiya to`lovi joriy qilinadi.
Shuningdek, 100 yoshga to`lgan va undan oshgan pensionerlarga har oy 289 ming so`m miqdorida qo`shimcha to`lov amalga oshiriladi.






