AsosiyDunyo

Xitoyning mashhur gazetasida O`zbekiston haqida maxsus maqola e`lon qilindi

'Xitoyning mashhur gazetasida O`zbekiston haqida maxsus maqola e`lon qilindi'ning rasmi

Xitoyning etakchi nashrlaridan biri «Global Times» sahifalarida O`zbekiston haqida tahliliy maqola e`lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Materialda O`zbekiston va Xitoy o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan respublikamizning zamonaviy taraqqiyoti va O`zbekiston-Xitoy munosabatlari haqida so`z yuritilgan.

«Qisqa tarixiy davr ichida O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi hamkorlik munosabatlari do`stlik, ishonch va o`zaro qo`llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik xarakteriga ega bo`ldi. So`nggi yillarda savdo, investisiya, energetika, transport, kommunikasiya, madaniy-gumanitar almashinuv, turizm kabi deyarli barcha sohalarda juda jadal va ko`p qirrali hamkorlik kuzatilmoqda», - deyiladi nashrda.

Gazetaning yozishicha, 25 yanvar kuni bo`lib o`tgan «Xitoy-Markaziy Osiyo» sammiti chog`ida O`zbekiston va Xitoy rahbarlari ham o`zaro, ham «Bir makon, bir yo`l» tashabbusi va ShHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish, har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. «Hamkorlik yo`nalishlari orasida elektron tijorat va raqamli logistika, yashil texnologiyalar, muqobil energiya, innovasiyalar, COVID-19 ga qarshi kurash va boshqalar bor», - deya qayd etadi Xitoy gezetasi.

O`zbekistonning 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligiga alohida e`tibor qaratilgan. «O`zbekiston 2022 yildagi raislik davrida SEO-savdosini rivojlantirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, ShHT sanoat hamkorligi dasturini tayyorlash va tasiqlash, ShHTning transport aloqalarini rivojlantirish strategiyasini qabul qilish, qashshoqlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish bo`yicha hamkorlik, tinchlik va barqarorlikni ta`minlash bo`yicha sa`y-harakatlarni kuchaytirish, axborot xavfsizligi forumini tashkil etish, «xalq diplomatiyasi» va ikki mamlakat mintaqalari o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sog`liqni saqlash sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, tashkilotga a`zo davlatlar va sheriklarning hamkorlikdagi faol ishtirokini ta`minlash, ShHTning o`zaro manfaatli loyihalarini amalga oshirishga ustuvor ahamiyat berishni taklif qilmoqda», - deb ta`kidlanadi materialda.

Maqolada ikki davlat o`rtasida ta`lim sohasidagi hamkorlik samaralari qayd etilgan. «Minglab o`zbekistonlik talabalar Xitoyning nufuzli oliy o`quv yurtlarida tahsil olmoqda. O`zbekistonlik yoshlarning xitoy tilini o`rganishga qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda», - deya qayd etadi nashr.

Shuningdek, gazeta o`quvchilarini O`zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, uning bugungi kundagi natijalari va «Bir makon, bir yo`l» tashabbusi loyihalarida respublikamizning faol ishtiroki bilan yaqindan tanishtirgan.

«O`zbekiston Xitoy bilan ikki tomonlama formatda ham, xalqaro tuzilmalar, jumladan ShHT doirasida ham yoshlar jamoat tashkilotlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, yoshlar muloqotini faollashtirish bo`yicha tashabbuslarni amalga oshirish uchun kelgusida samarali hamkorlik qilishga tayyor», - deb yozadi «Global Times».

Ma`lumot uchun, «Global Times» Xitoyning etakchi nashrlaridan biri bo`lib, xalqaro voqealarni yoritishga ixtisoslashgan.

    Boshqa yangiliklar