AsosiyJamiyat

"Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo`jakent” hududida an`anaviy tog` qishlog`ining zamonaviy qiyofasi yaratiladi – Aziz Abduhakimov

'"Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo`jakent” hududida an`anaviy tog` qishlog`ining zamonaviy qiyofasi yaratiladi – Aziz Abduhakimov'ning rasmi

2022-yil 1-fevral kuni Turizm va sport vazirligida Bo`stonliq tumanini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdimotiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Uni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari - Turizm va sport vaziri, “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori Aziz Abduhakimov  ochib berdi.

Matbuot anjumanida “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktorining birinchi o`rinbosari Aziz Nagaev , direksiya o`rinbosarlari  Mansur Raxmatullaev , Suna Park, “ARC” arxitektura byurosi rahbari hamda loyiha arxitektori Bobir Klichev, OAV vakillari hamda  soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

“ – Bo`stonliq tumani yuqori turistik, tabiiy va rekreasion  salohiyatni o`zida jamlagan. Uni to`g`ri rivojlantirish o`zi bilan bir qator muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va investision o`zgarishlarni olib keladi.

Davlat rahbari va Hukumat tomonidan Bo`stonliq tumanini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan, “Bo`stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi PF-6053-sonli Farmoni, shuningdek “Chorvoq” turistik rekreasion zonasini tashkil etish to`g`risidagi” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5273-sonli Farmoni qabul qilingan.

Loyihani yaratishda asosiy e`tibor Bo`stonliqning noyob tabiiy salohiyatini saqlashga qaratilgan. Shu sabab “Chorvoq darvozasi” va “Yusufxona” hududlarida ekokarkas va jamoat joylarining barqaror tizimini yaratish, ekologik toza transportni rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, an`anaviy me`morchilikka ham alohida e`tibor berilgan. Xuddi shunday, “Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo`jakent” hududida an`anaviy tog` qishlog`ining zamonaviy qiyofasi yaratiladi", – dedi Aziz Abduhakimov.

Ta`kidlanishicha, Prezident qarorlarining ijrosini ta`minlash maqsadida “Chorvoq” TRZ direksiyasi Bo`stonliq tumani hokimligi hamda O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda Bo`stonliq tumanini kompleks rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamli ishlarni amalga oshirib kelinmoqda.

Olib borilayotgan ishlar doirasida Chorvoq TRZ tarkibidagi dastlabki ikki hudud: “Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo`jakent” va  “Yusufxona” majmualarining master-rejalari va rivojlantirish konsepsiyalari ishlab chiqilgan. Hududlarni loyihalashtirish va arxitektura echimlari "Novaya Zemlya" (Rossiya Federasiyasi) loyiha-konsultasiya konsorsiumi hamda “ARC” arxitektura byurosi  tomonidan amalga oshirilgan. Shuningdek, “ToshboshplanLITI” instituti DUK master-rejalarni  batafsil rejalashtirish loyihalariga moslashtirish qismida ishtirok etgan.

“Chorvoq darvozasi” loyihasi hududi uchun arxitektura echimlarini yaratishda biz, birinchi navbatda, mintaqamizning an`anaviy tog` me`morchiligi, ya`ni, tabiatga va tog`li hududning tabiiy relefiga bo`lgan hurmat, somon suvoq, yog`och, tosh kabi tabiiy materiallardan foydalangan holda pardoz berish kabi madaniy-tarixiy elementlarni aks ettirish maqsad qilingan. Xulosa o`rnida, asosiy g`oya - zich binolar bilan o`ralgan, kam qavatli va ayvoni bo`lgan an`anaviy tog` qishlog`i qiyofasini qayta tiklash. Yusufxona hududi nisbatan zamonaviyroq ko`rinishga ega bo`lishi, shu bilan birga, tabiatga va tabiiy relefga bo`lgan hurmat saqlanib qolishi ko`zda tutilgan" – dedi Loyihaning me`moriy echimlari muallifi va "ARC" arxitektura byurosi rahbari Bobir Klichev.

“Chorvoq” TRZ direksiyasi tomonidan Bo`stonliq tumani hududida chiqindilarni barqaror boshqarish va ekologik madaniyatni oshirish tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqilgan. Dastur dam oluvchilarning ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan infratuzilma echimlari va tadbirlarining bir butun majmuini o`z ichiga oladi. Shunday qilib, jismoniy va yuridik shaxslarning qattiq maishiy chiqindilarni, jumladan, etib borish qiyin bo`lgan tog`li hududlardan olib chiqish bo`yicha xizmat ko`rsatish qamrovini oshirish ko`zda tutilgan. Chiqindi qutilari va axboriy-ma`rifiy ijtimoiy reklama, taqiqlovchi va ma`lumot beruvchi belgilarni o`rnatish bo`yicha algoritm ishlab chiqilgan. Ekologik madaniyatni oshirish hamda qulay va hamyonbop dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida jamoat piknik zonalari loyihasi ishlab chiqilgan. Bunday zonalarning dastlabki varianti shu yil bahor mavsumida ochilishi rejalashtirilgan.

“ – Biz Bo`stonliqni birinchi navbatda insonga qaratilgan ochiq, har bir tashrif buyuruvchi imkoniyati doirasida va odamlar uchun qulay bo`lgan hudud sifatida ko`ramiz. Bo`stonliqda mahalliy turistlarning oqimi ko`p bo`lishiga qaramay, kam sonli insonlargina bu joyning go`zalligi, boy tabiati, madaniyati va noyob tarixiy jihatlarini o`zlari uchun kashf qilish imkoniyatiga egadirlar. Shu bois, biz qulay transport tizimidan boshlab, bog`lar va veloyo`lakchalargacha bo`lgan eng qulay dam olishi sharoitlarini yaratishni maqsad qilganmiz. Bu borada Direksiya tomonidan ekoturizm, tabiiy va rekreasion hududlarni barqaror rivojlantirish sohasidagi xalqaro tajriba batafsil o`rganilgan, shuningdek, jamoat joylari tizimini yaratishda Tatariston Respublikasi tajribasi qo`llanilgan”, – dedi “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori o`rinbosari Suna Park.

Loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda mahalliy aholi, jamoatchilik vakillari va Bo`stonliq tumani taqdiriga befarq bo`lmagan fuqarolarning faol jalb etilishi hamda ularning ishtiroki ta`minlanishiga alohida e`tibor qaratiladi. Loyiha doirasida “Bo`stonliq elchilari” dasturi tuzilgan bo`lib, keng jamoatchilik ishtirokidagi bir qator yirik tadbirlar va kampaniyalar o`tkazilishi ham ko`zda tutilgan.

Shuningdek, matbuot anjumani davomida Fransiya  hukumatining moliyaviy ko`magi bilan amalga oshirilgan xalqaro to`liq mavsumiy kurort tarkibidagi “Chimyon” dam olish maskani loyihasi ham taqdim etildi.

Ma`lumot uchun: So`nggi bir necha yil davomida tuman bir qator muammolarga duch keldi. Jumladan, tartibsiz qurilish, mehmonxonalarda turli narx segmentlari bo`yicha joylashish imkoniyatining yo`qligi, mavjud infratuzilmaning talabga javob bermasligi, ekologik degradasiya va dam oluvchilarning ekologik madaniyatining u etarli darajada yuqori emasligi aniqlangan.

    Boshqa yangiliklar