Bugun AOKAda o`tgan brifingda masofaviy ta`lim davrida elektron Kundalik platformasidan foydalanish yuzasidan kelib tushgan "Onlayn ta`lim jarayonida farzandlarimning Kundalik.com tizimiga uyga vazifalarini yuklashida muammolar yuzaga kelmoqda, vaqtida yuklanmagani uy vazifa uchun esa o`qituvchilar tomonidan baholar pasaytirilmoqda. Shu muammoning echimi bormi?" savol yuzasidan Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati raxbari Laylo RUSTAMOVA batafsil ma`lumot berdi:
— Dastlab aytish joizki, Xalq ta`limi vazirligi ko`plab murojaatlarni inobatga olgan holda o`qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug`dirish maqsadida masofaviy ta`lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog`liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilmoqda.
Yuqoridagi savolga qaytadigan bo`lsak, endilikda o`qituvchilar uyga vazifalarni o`quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkinligini ma`lum qilamiz. Bunda televidenie orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o`qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar “Onlayn-maktab” televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo`lishi lozim.
Uyga vazifa topshirilgandan keyin o`qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo`yilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo`yish uchun 5 (besh) kun muddat beriladi.