AsosiyJamiyat

Senat gaz ballonlari o`rnatilgan transportlarning xavfsizligi bo`yicha hukumatga so`rov yuboradi

'Senat gaz ballonlari o`rnatilgan transportlarning xavfsizligi bo`yicha hukumatga so`rov yuboradi'ning rasmi

O`zbekiston Senati gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta`minlash yuzasidan parlament so`rovini yuboradi. Bu boradagi masala 1 fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi majlisida muhokama qilingan.

Ma`lum qilinishicha, 2021 yil davomida respublika bo`yicha gaz ballonlari o`rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong`in chiqish holatlari sodir bo`lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafar fuqaro halok bo`lgan.

Shuningdek, yig`ilishda avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to`ldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari ko`plab uchrayotgani qayd etilgan.

Senatorlarning ta`kidlashicha, gaz ballonlarini avtomobillarga o`rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o`tkazish bilan shug`ullanuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyati ustidan ta`sirchan nazorat o`rnatilmagan, gaz ballonlarining texnik sinovdan o`tkazilgani to`g`risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari ham mavjud.

Bundan tashqari, senatorlar «O`zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi qonunning 8-moddasida O`zbekistonning qonun hujjatlari, davlat hokimiyativa boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi belgilangan bo`lsada, gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta`minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati rus tilida qabul qilinganini ta`kidlagan.

So`rov yuborish masalasi 3 fevral kuni o`tkaziladigan Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida ko`rib chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar