Hukumat qarori bilan Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, maqsadli dasturlarga muvofiq moliyalashtiriladigan ob`ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlash uchun pudrat tashkilotlari faqat davlat xaridlari elektron tizimining elektron tender savdolari platformasi orqali aniqlanadi.
Mazkur nizom davlat buyurtmachilarining bir shartnoma bo`yicha qiymati BHMning 6000 baravaridan ortiq bo`lgan qurilish sohasidagi elektron tenderlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mazkur miqdordan kam bo`lgan qurilish sohasidagi elektron tenderlarga ushbu tartib tavsiyaviy ahamiyatga ega.
Tender predmetining boshlang`ich narxi (QQS bilan) BHMning 200 000 baravarigacha bo`lgan elektron tenderlarda faqat o`sha hudud (Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)da yuridik shaxs sifatida ro`yxatdan o`tgan talabgorlar qatnashadi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati yagona hudud deb qabul qilinadi).
Elektron tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugagan sanadan boshlab 2 ish kuni ichida platforma tomonidan tender g`olibi aniqlanadi va g`olib tashkilotga aksept yuboriladi.
Aksept g`olib tashkilot tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab tender tugallangan deb hisoblanadi.
Elektron tender natijalari bo`yicha g`olib e`lon qilingan paytdan boshlab 3 kun muddatdan kechikmay pudrat shartnomasi tuziladi.
Tender bo`yicha shikoyatlar, nizo va kelishmovchiliklarni ko`rib chiqish uchun ishchi organ etib Qurilish vazirligi belgilanadi.