Respublikadagi barcha oliy ta`lim muassasalari kompleks o`rganiladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, vazir Abduqodir Toshqulov va Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig`i Ulug`bek Toshkenboev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan respublika oliy ta`lim muassasalarining barchasi 23 ta mezon asosida tanqidiy, tahliliy o`rganiladi.
"Asosiy e`tibor oliy ta`limdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integrasiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan ta`lim muassasalariga amaliy ko`mak berish, ilmiy salohiyat, ta`lim jarayonining qay darajada tashkil etilgani, masofaviy ta`lim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta`minlashning ta`sirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlarga qaratiladi",-deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bundan maqsad oliy ta`lim muassasalarining ta`lim jarayonini to`g`ri yo`lga qo`yish, ta`lim sifatini oshirish va ilmiy va innovasion faoliyatni samarali tashkil etish.






