O`zbekistonda Rossiyaning “Gerofarm” kompaniyasi bilan hamkorlikda insulin ishlab chiqarish bo`yicha loyiha ishga tushiriladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning “Gerofarm” biotexnologiya kompaniyasi rahbariyati bilan hayot uchun zarur bo`lgan insulin dori vositalarini ishlab chiqarish va etkazib berish loyihasini shakllantirish bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni boshlash to`g`risida bitim imzolandi.
Hujjatda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va “Gerofarm” kompaniyasi o`rtasida O`zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini hayotga joriy etish bo`yicha ishchi guruh tuzish nazarda tutilgani aytiladi.
"Loyihaning amalga oshirilishi qandli diabet bilan og`riydigan bemorlar uchun dori vositalarining ommabopligini sezilarli darajada oshiradi hamda O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimining ushbu dorilar importiga qaramligini kamaytirish, dori-darmon xavfsizligini ta`minlash va mamlakatda biotexnologik ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim qadam bo`ladi",-deyiladi xabarda.
Hujjatga muvofiq, O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Rossiya ishlab chiqaruvchisiga loyihani amalga oshirish bilan bog`liq masalalarni hal qilishda ko`mak beradi.
Yaqin kelajakda tomonlar loyihani hayotga tatbiq etish bo`yicha aniq chora-tadbirlar va muddatlarni o`z ichiga olgan “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlashlari ta`kidlanmoqda.






