AsosiyJamiyat

Rasman: oliy ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana`naviy shaklga o`tkaziladi

'Rasman: oliy ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana`naviy shaklga o`tkaziladi'ning rasmi

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, 2022 yil 7 fevraldan boshlab barcha ta`lim tashkilotlarida o`quv jarayoni an`anaviy shaklga o`tkazilishi e`lon qilingan edi.

Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli xil talqin qilinib, keng jamoatchilik, ayniqsa talaba-yoshlar va ularning ota-onalari orasida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.

Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy turar joylaridan ta`lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz etib kelishlari, joylarda avia va temir yo`l chiptalarini almashtirish, talabalar-turar joylari, ijara asosida yashaydigan talabalarning ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta`minlash maqsadida oliy ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana`naviy shaklga o`tkaziladi. Shu davrda dars mashg`ulotlari bir vaqtning o`zida ham masofaviy ham an`anaviy shaklda olib boriladi.

Bu jarayon har bir oliy ta`lim muassasasining ichki imkoniyatlari, o`quv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi ma`lumotlar har bir ta`lim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 24 fevraldan boshlab o`quv yurtlarida ta`lim jarayonlari to`liq an`anaviy shaklda olib borilishini ma`lum qiladi.

    Boshqa yangiliklar