Virusologiya ilmiy tadqiqot instituti xalqaro loyihasining bosh muvofiqlashtiruvchisi, oliy toifali shifokor-infeksionist Jaloliddin To`ychiev ZF-UZ-VAC2001 (xitoy-o`zbek) vaksinasi yuqori texnologiya asosida ishlab chiqilgan rekombinant vaksina bo`lib, o`z tarkibida biron bir tirik virus yoki zararli komponentga ega emasligini ta`kidladi.
«Ushbu vaksina bilan homiladorlarni emlash uchun ko`pmarkazli klinik tadqiqot o`tkazilishi zarur. Bugungi kunda xitoy-o`zbek vaksinasi homiladorlarga hozircha tavsiya qilinmaydi. Lekin, nazariy va amaliy jihatdan ushbu vaksinaning homilaga ta`siri yo`q. Vaksina bo`yicha klinik tadqiqotlar boshlanishidan oldin turli laboratoriya hayvonlarida klinikaga qadar tekshiruvlardan o`tkazilgan. Ushbu tekshiruvlarda vaksinaning toksik yoki mutagenligi yo`qligi va organizmga bezararligi to`liq isbotlangan», — deydi u.
To`ychievning ta`kidlashicha, vaksina sinovlarida ishtirok etgan ko`ngillilarda keyinchalik homiladorlik aniqlangan holatlar ham bo`lgan. Bunga qo`shimcha, ommaviy emlangan ayollar orasida ham homiladorlik holatlari ko`plab aniqlangan.
«Shu vaqtgacha homilador onalarda va tug`ilgan bolalarda vaksinaning biron bir salbiy ta`siri kuzatilmadi. Ushbu rekombinant vaksinaning inson genomiga hech kanday ta`siri yo`q. Aksincha, emlangan ayollarda keyinchalik homiladorlik vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish ehtimoli keskin kamaygan va natijada sog`lom farzand ko`rish imkoniyati paydo bo`lgan», — deydi shifokor.






