Armanistonda prezidentlik saylovlari mart oyida bo`lib o`tadi. Mamlakat parlamentining 65 deputati ushbu lavozimga yuqori texnologiyalar sanoati vaziri Vaagn Xachaturyan nomzodini ilgari surdi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig`ilishida ma`lum qildi.
23 yanvar kuni Arman Sarkisyan iste`foga chiqdi, parlament bu qarorni 1 fevralda rasman tasdiqladi. Prezident vazifasini vaqtincha parlament spikeri Alen Simonyan bajaradi.
Armaniston Prezidenti parlament tomonidan etti yil muddatga saylanadi. Saylov Respublika Prezidenti lavozimiga bo`sh o`rin ochilgan kundan boshlab yigirma besh kundan keyin va o`ttiz besh kundan kechiktirmay o`tkaziladi.
Vaagn Xachaturyan Armanistonning sobiq prezidenti Levon Ter-Petrosyanning siyosiy hamkori sanaladi.
Xachaturyan 1992-1996 yillarda Erevan meri, 1996-1998 yillarda Prezident maslahatchisi bo`lib ishlagan. 2019- 2021 yillarda esa Armanistonning yirik tadbirkorlaridan biri, hukmron partiyadan deputat Xachatur Sukiasyan oilasiga mansub “Armekonbank” boshqaruvi a`zosi edi.






