Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog`ida yoshlar va voyaga etmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to`g`risida parlament so`rovi yuborish masalasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4,7 mln, “Instagram” da 3,7 mln, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16,7 mln, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 mln foydalanuvchi mavjud bo`lib, ularning ko`pchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.
Keyingi vaqtlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga salbiy ta`sir etuvchi axloqiy buzuqlik va zo`ravonlik g`oyalarini tarqatish, turfa yo`llar bilan boylik orttirishni, milliy-ma`naviy madaniyatga amal qilmaslikni, ularni o`zgartirish va ayrim hollarda yo`qotishni targ`ib qiluvchi harakatlar uyushtirilmoqda.
Internet tarmog`i orqali tarqatilayotgan g`arazli ma`lumotlar, turli buzg`unchi g`oyalar, odob-axloqni emiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda.
“.UZ” domenidagi veb-saytlarda milliy mentalitetimizga yot bo`lgan, fuqarolarning, shu jumladan yoshlarning ongi, ruhiyati, ma`naviy-ma`rifiy tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik, zo`ravonlik, qimor hamda tavakkalchilikka asoslangan o`yinlar targ`ibotiga xizmat qilishi mumkin bo`lgan materiallar yoki boshqa veb-resurslarga havolalar joylashtirish (foydalanuvchilar tomonidan) kuzatilmoqda.
Birgina 2021 yilning dekabr holatiga ko`ra milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va ma`naviy buzuqlikka targ`ib qiluvchi holatlar aniqlangan bo`lib, 2 097 ta qonun buzilishi holati qayd etilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning o`zbek segmentida ma`naviy buzuqlikni targ`ib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan.
Bundan tashqari, madaniyat sohasida kechayotgan voqealar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, badiiy film, reklama (jumladan, ko`chalardagi bannerlar), musiqa va kliplarda faqat pul, boylik hamda ma`naviyatsizlik targ`iboti mavjud. Ayrim hollarda mutlaqo milliy ma`naviyatimizga zid ko`rinishlar, sahnalar namoyish etilmoqda.
Shu bois o`quvchi yoshlarning ongiga zarar etkazishi mumkin bo`lgan axloqsizlikni targ`ib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qo`zg`atuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o`yinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzg`unchilik g`oyalarini targ`ib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish birgalikdagi ustuvor vazifa ekanligi ta`kidlandi.
Majlisda senatorlar Internet jahon axborot tarmog`ida yoshlar va voyaga etmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qildi.






