AsosiyJamiyat

Senat gaz ballonli transportlarning portlashi bilan bog`liq salbiy holatlar bo`yicha Hukumatga parlament so`rovi yuborishga qaror qildi

'Senat gaz ballonli transportlarning portlashi bilan bog`liq salbiy holatlar bo`yicha Hukumatga parlament so`rovi yuborishga qaror qildi'ning rasmi

Senat yalpi majlisida gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta`minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish masalasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bog`liq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab bo`layotgani aniqlangan.

Xususan, avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini o`rnatish va ularning o`z vaqtida texnik ko`rikdan o`tkazilmaslik holatlari yildan-yilga ko`payib borayotgani ta`kidlandi. Bu avtotransport vositalari portlashi bilan bog`liq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda.

Jumladan, 2021 yilda avtotransport vositalariga noqonuniy (amaldagi texnik reglament talablariga javob bermaydigan) gaz moslamasi o`rnatilganligi bilan bog`liq 2 928 ta holat aniqlangan bo`lib,
bu 2020 yilga nisbatan 61 foiz ko`pdir.

Gaz ballonlari o`rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong`in chiqish holatlari sodir bo`lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafari halok bo`lgan.

Kompressor stansiyalarida avtomobillarning gaz ballonlarini to`ldirish talab va tartibini buzish holatlari ko`plab uchramoqda.

Gaz ballonlarini avtomobillarga o`rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o`tkazish bilan shug`ullanuvchi xo`jalik sub`ektlari faoliyati ustidan ta`sirchan nazorat o`rnatilmagan. Gaz ballonlarining texnik sinovdan o`tkazilganligi to`g`risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjud.

Xususan, 2021 yilda 36 nafar yuridik va jismoniy shaxs avtotransport vositalariga qonunchilik talablariga zid ravishda gaz ballonlarini o`rnatish va sinovdan o`tkazish bilan shug`ullanib kelgan.

Gaz ballonlarining texnik sinovdan o`tkazilganligi to`g`risida qalbaki hujjatlarni tayyorlash bilan shug`ullanib kelgan 16 nafar jismoniy va yuridik shaxs aniqlangan.

Ushbu masalalar yuzasidan senatorlar Hukumatga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qildi.

    Boshqa yangiliklar