SSV Matbuot xizmatining bolalarda kamqonlik sabablari, kasallikni tashxislash va davolash usullariga doir savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova javob berdi.
— Bolalalarda anemiya qanday belgilar bilan namoyon bo`ladi?
— Avvalo shuni aytish kerakki, kamqonlik ko`plab tana a`zolari faoliyatiga salbiy ta`sir etishi bilan xavflidir. Birinchi ko`rinadigan belgilar terida paydo bo`lib, u oqarib ketadi. Tirnoqlar va sochlar mo`rtlashib, yorqinligini yo`qotadi. Shuningdek, til yallig`lanishi, og`iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo`lishi mumkin. Asab tizimi faoliyati buzilib, tez-tez bosh aylanishi, og`rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha bo`lgan va og`ir kamqonlikka chalingan go`daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.
Qolaversa, uyquchanlik, tez-tez asabiylashish, doimiy charchoq, bo`r yoki kesak eyish ham kamqonlikning tipik belgilaridir. Xastalikning og`ir holatlarida esa bolalarda yurak-qon tomir tizimi faoliyati buzilib, ular hushidan ketishi, taxikardiya, nafas qisishi kuzatiladi.
— Kamqonlikka qanday tashxis qo`yiladi?
— Kasallikka tashxis qo`yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko`rigidan o`tish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.
Shuningdek, shifokor tomonidan umumiy qon tahlillari, xususan, undagi eritrositlar va gemoglobin ko`rsatkichlarini aniqlash uchun laborator tahlillar buyuriladi.
— Kasallik qanday davolanadi?
— Yosh bolalar, maktab yoshidagi o`g`il-qizlarda, avvalo, taomnoma va kunlik tartibni qayta ko`rib chiqish lozim. Jumladan, bemor bola ko`p vaqt toza havoda sayr qilishi, harakatlantiruvchi o`yinlar o`ynashi, ya`ni o`rtacha jismoniy faoliyat bilan mashg`ul bo`lishi, bir vaqtda uxlashga yotib, bir vaqtda uyg`onishi talab etiladi.
Bundan tashqari, anemiyaga chalingan bolalar rasionida temirga boy mahsulotlar – qizil go`sht, loviya, no`xat, qorabug`doy unidan tayyorlangan non, kakao, dengiz karami, qo`ziqorin, quritilgan mevalar, quritilgan o`rik, ko`katlar bo`lishi kerak. Shu bilan birga, S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulg`or qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Sababi ushbu vitaminlarsiz temir qonga so`rilmaydi.
Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.






