Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda "Adliya vaziri jamoatchilik oldida hisobot beradi” nomli jurnalist va blogerlar uchun hisobot uchrashuvi bo`lib o`tmoqda. Ushbu uchrashuvda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ayrim domlalarning ma`ruzalari ixtilofga sabab bo`lishi haqida gapirib, vazirlik bu masalalarni nazorat qilib borishini ta`kidladi. Bu haqda Darakchi.uz jurnalisti xabar bermoqda.
"Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib, "U ishni qilsa, bunday bo`lar ekan, bu ishni qilsa, bunday bo`ladi. Bu narsani ichsa, bunday bo`ladi, bu viloyatliklar bunday", degan gapiga huquq nuqtai nazaridan biz chidab turolmaymiz.
Chunki bu, birinchidan, jamiyatimizning bo`linishiga olib kelyapti, ikkinchidan, diniy tashkilotlarning bunday ixtilof qilishga haqqi yo`q. Bilasizlarmi nimaga? Chunki odamlarga tamg`a bosish huquqi yo`q. Dinga xohlasa, ishonadi, xohlamasa, ishonmaydi. Xohlamasa, umuman tarki dunyo qilib yashaydi. Bu odamning konstitusiyaviy huquqi. Shuning uchun qonunda belgilangan kafolatlarni kimlardir chiqib, maqomidan qat`i nazar, inkor qilolmaydi.
Bir signalni diniy tashkilotlarga va barcha shu sohadagi domlalarimizga etkizib qo`ymoqchimizki, biz Adliya vazirligi sifatida bu faoliyatni nazorat qilamiz. Biz bu borada juda faol ishlaymiz. Chunki hech qachon bu masalalarni bir normaga keltirib bo`lmaydi. Hamma o`zining fikrini aytaveradi, bu esa bo`linishga olib kelaveradi. Shuning uchun ham qonunda hamma o`zi hal qiladi, degan. Bekorga aytilmagan vijdon erkinligi, deb. Hamma vijdonining oldida o`zi javob beradi. Bo`lmasa, ahloq polisiyasi qilaylik, ko`chaga chiqib yubkalarning uzun-kaltaligini o`lchaylik. Buning oxiri bo`lmaydi.
Men bu gaplarni huquqiy nuqtai nazardan aytayapman. Mening ahloqiy normalar to`g`risida gapirishga haqqim yo`q. Gapirsamam, o`zimning fuqaro sifatidagi fikrimni ayta olaman.
Men so`zimni Devid Frimen degan olimning fikri bilan yakunlamoqchiman: "Odamlarning do`zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o`zlariga qo`yib bering", — degan Ruslan Davletov.






