O`tgan haftada dunyo bo`yicha koronavirusga chalinish ko`rsatkichlari avvalgi haftaga nisbatan 17 foizga kamaydi. Ammo kasallikdan vafot etganlar soni, afsuski, 7 foizga oshdi. Bu haqda kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining haftalik hisobotida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 31 yanvardan 6 fevralgacha 19 milliondan ziyod kishi COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Ulardan qariyb 68 ming nafari kasallikning og`ir asoratlari oqibatida hayotdan ko`z yumgan.
Shuningdek, hafta davomida eng ko`p yangi holatlar AQShda ro`yxatga olingan — 1,8 million. Ikkinchi o`rinni 1,7 million ko`rsatkich bilan Fransiya egallagan. Keyingi o`rinlarni Germaniya (1,28 mln.), Braziliya (1,24 mln.) va Hindiston (1 mln.) band etgan.
JSSTning hisobotida keltirilishicha, so`nggi 30 kun ichida olingan tahlil namunalari koronavirusning “omikron” shtammi 96,7 foiz dominant variantga aylanganini tasdiqlaydi. Qolgan holatlarni esa “delta” mutasiyasi tashkil etgan.
Rossiyadagi N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi laboratoriya mudiri Sergey Alxovskiyning fikricha, “omikron” baribir “delta”ni butunlay siqib chiqara olmaydi. Ya`ni avvalgi shtamm kichikroq hajmda bo`lsa-da saqlanib qoladi.
O`z navbatida, mutaxassis “omikron” bilan kasallangan bemorda hosil bo`lgan immunitet, ya`ni antitanachalar “delta” yoki shu singari boshqa mutasiyalarga qarshi yaxshi samara bermasligini ta`kidladi.
Germaniya sog`liqni saqlash vaziri esa “omikron” shtammi koronavirusning oxirgi varianti bo`la olmaydi, degan xulosada. Uning so`zlariga ko`ra, hozir COVID-19 bilan kasallanish darajasi yuqori. Bu esa virusning mutasiyaga uchrashi uchun qulay sharoitdir.
“Ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatda yangi shtammlar yuzaga kelmasligini tasavvur qilib bo`lmaydi, — deydi vazir. — Shunday ekan, pandemiya “omikron” bilan tugashi imkonsiz. Biz faqat yangi mutasiyalar zararsizroq bo`lishiga umid qilishimiz mumkin, xolos”.






