️Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boshlandi.
Qonunchilik Palatasi xabarida aytilishicha, xalq ta`limi tizimining Yagona boshqaruv dasturiy majmuasi ishlab chiqildi. Mazkur tizimda 10 mingdan ortiq umumta`lim muassasalari va tashkilotlarining pasporti, 6,2 mln. nafardan ortiq o`quvchi hamda 700 ming nafardan ortiq o`qituvchi va xodimlarning ma`lumotlar bazasi 10 ta manfaatdor vazirlik va idoralarning ma`lumotlar bazalari bilan integrasiya orqali shakllantirildi. Ushbu dasturning to`liq ishga tushirilishi natijasida xalq ta`limi tizimini boshqarish bilan bog`liq jarayonlar, xususan, statistik ma`lumotlarni olish, moliyaviy hisob-kitob qilish, rejalashtirish va tahlil qilish avtomatlashtiriladi.
“Hukumat soati”da qayd etilganidek, “Uzluksiz kasbiy ta`lim” platformasi (onlinedu.uz) orqali maktab o`qituvchilari onlayn malaka oshirish imkoniyatlari yaratildi. Dastlab uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari uchun 29 ta fan yo`nalishda 1 120 ta ma`ruza, taqdimot hamda videodars, 7 840 ta qo`shimcha adabiyot, 7 308 ta nazorat topshirig`i yaratildi va platformaga joylashtirildi.
Ta`kidlanganidek, ta`limni raqamlashtirish, o`quvchilarga qo`shimcha o`quv materiallarini taqdim etish, masofaviy ta`limni rivojlantirish hamda “Flipped classroom” tamoyili asosida ta`lim berish uchun tajriba sinov tariqasida Maktab.uz masofaviy ta`lim platformasi joriy qilinmoqda.