Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasi ishchi guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda yangi tahrirdagi “Reklama to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Yig`ilishda “Reklama to`g`risida”gi Qonunni qabul qilishga zarurat amaldagi Qonunda umumiy tusga ega bo`lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo`lib, ular reklama faoliyati bilan bog`liq munosabatlarni to`liq qamrab olmaganligi ta`kidlandi.
Jumladan, reklama faoliyatiga qo`yiladigan talablarning etarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi huquqni qo`llash amaliyotida ko`plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo`layotganligi qayd etildi.
Shuningdek, reklama ob`ektining xavfsiz bo`lishiga oid talablar mavjud emas, jumladan, dori vositalari, biologik aktiv va oziq-ovqat qo`shimchalari, bolalarga mo`ljallagan oziq-ovqatlar, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagan.
Sababi amaldagi “Reklama to`g`risida”gi Qonun bundan 23 yil avval 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan bo`lib, (30 ta moddadan iborat) bugungi kunga qadar unga 15 marotaba o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgan.
Shuningdek, televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikasiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda.
Jumladan, telekanallarda davomiyligi o`n daqiqadan kam bo`lgan teleko`rsatuvlarni reklama bilan uzib qo`yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo`l qo`yilmaydi.






