Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasi ishchi guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda yangi tahrirdagi “Reklama to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Yangi tahrirdagi Qonun bilan normalarni qo`llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanmoqda:
- taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko`rinishi shifokorlarning tashqi ko`rinishiga o`xshash shaxslarning ishtirok etishi;
- olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta`siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo`lgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanmoqda.
Qonunning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, voyaga etmaganlarni ularning ishonchi va tajribasi etishmasligini suiiste`mol qilishdan himoya qilish tartibi alohida keltirilgan.
Shuningdek, ishchi guruh a`zolari Qonunda bayon etilgan ayrim moddalar hayotga tatbiq etilishi bilan bog`liq jarayonlarga ham o`z e`tiborini qaratdi. Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o`ziga xos xususiyatlari, jumladan, televidenie, radio, bosma OAV, telekomunikasiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatiladigan reklamaga qo`yiladigan talablar batafsil ko`rib chiqildi.
Yig`ilishda mazkur Qonun ayni paytda Senat qo`mitalarida hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokamalardan o`tayotgani, barcha taklif va tavsiyalar inobatga olinishi va tegishli xulosa qabul qilinishi nazarda tutilgani ta`kidlab o`tildi.
Qonun muhokamasi davom etmoqda.






