U bu tartib bilan katta shaharlardagi tirbandliklarni kamaytirish mumkinligiga ishonadi.
“Milliy tiklanish” lideri Prezident rahbarligida o`tkazilgan yo`llarda xavfsizlikni ta`minlash masalasiga bag`ishlangan yig`ilishda ishtirok etganini, shahar tirbandligini kamaytirishda o`zida ham ayrim takliflar borligini qayd etdi.
“Jamoat transporti tizimli va sifatli bo`lsa, aholi xususiy avtomobildan kam foydalanadi. Kuzatiladigan tirbandliklarda jamoat transportining tizimsiz va sifatsizligi katta o`rin tutadi.
Tirbandlikni keltirib chiqarayotgan oqimning katta qismi talabalar. Tirbandlik ertalab o`qishga kelish va qaytish vaqtiga to`g`ri kelyapti.
Nima uchun davlat xizmatida ish boshlash vaqtini 8:30, oliygohlarda o`qish boshlash vaqtini 10:00 ga belgilash mumkin emas? Osmon uzilib erga tushmaydi, lekin jamoat transportiga ham, avtoyo`llarga ham bosim jiddiy kamayadi”, — deydi Alisher Qodirov.
Shuningdek, u avtobuslarga pul to`plash rejasi qo`yilishini ham tanqid qilgan:
“Avtobusga qanday qilib kunlik reja qo`yish mumkin? U yo`lovchi terib yurishi emas, belgilangan vaqtda, belgilangan joyda bo`lishi kerak! Hatto, yo`lovchisi bo`lmasa ham!
Avtobus harakati uchun alohida, ajratib qo`yilgan yo`l bo`lishi avtobusni aniq grafik asosida harakatini ta`minlaydi. Menimcha bu tramvay uchun qayta tizim yaratishdan arzonroqqa tushadi”.
Qodirov jamoat transportini jozibali va qulay qilish ham avtomashina oqimini kamaytirish, yo`llardagi fojialar oldini olishga xizmat qilishini ta`kidlaydi.






