Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “O`zbekiston Shaxmat federasiyasi bilan bog`liq moliyaviy operasiyalar” to`g`risidagi maqola yuzasidan o`rganish ishlari amalga oshirilayotganligi ma`lum qildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`rganish natijasiga ko`ra, O`zbekiston Shaxmat federasiyasiga 2020-2021 yillar davomida davlat byudjetidan mablag`lar to`g`ridan-to`g`ri ajratilmaganligi, faqatgina Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga asosan o`tkazilgan sport tadbirlari uchun Turizm va sport vazirligi tomonidan mablag`lar moliyalashtirilganligi aniqlandi.
Jumladan, O`zbekiston shaxmat federasiyasiga 2020 yil uchun mablag` ajratilmagan, 2021 yil davomida esa jami 6 ta tadbir uchun 2 mlrd. 834,8 mln. so`m mablag` moliyalashtirilib, federasiya tomonidan 2 mlrd. 208,4 mln. so`m sarflangan holda, qolgan 626,4 mln. so`m mablag`lar vazirlikka qaytarilgan.
Shaxmat federasiyasi nodavlat notijorat tashkiloti bo`lgani bois, to`plangan hujjatlar “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi Qonunning 34-moddasiga asosan Adliya vazirligiga yuborildi.






