O`zbekiston Respublikasining 2021–2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida 80dan ortiq turli darajadagi tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Shzbekiston Engil atletika federasiyasining ma`lum qilishicha, mazkur tadbir doirasida “Navro`z” umumxalq bayramiga bag`ishlangan IV xalqaro Toshkent yarim marafoni tashkil etiladi.
2016 yildan boshlab har yili tashkilotga a`zo davlatlar sportchilari ishtirokida o`tkazib kelinayotgan sport tadbir jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sportchilarni xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga imkon yaratish, olimpiya, paralimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirish bo`yicha hamkorlikni mustahkamlaydi, shuningdek, a`zo davlatlarning sport federasiyalari o`rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishga hissa qo`shadi.
ShHT yarim marafonlarida minglab odamlar, jumladan, turli mamlakatlar va qit`alardan kelgan professional sportchilar, havaskor yuguruvchilar va sog`lom turmush tarzi tarafdorlari ShHT bayrog`i ostida birlashadilar.
Poytaxtimizda o`tkazilishi kutilayotgan yarim marafon dasturi ikki masofani o`z ichiga olgan bo`lib, ishtirokchilar – 3 km va 21,0975 km masofaga yugurib, kuch sinashadilar.
Yarim marafon marshruti poytaxtimizdagi Afrosiyob va Beshyog`och ko`chalari chorrahasidan boshlanib, Nukus, Abdulla Qodiriy, Abay ko`chalari orqali davom etadi.
Mazkur tadbirda ishtirok etish istagini bildirganlar quyidagi havola orqali tadbir to`g`risida yanada to`liqroq ma`lumotga ega bo`lishlari va ro`yxatdan o`tishlari mumkin.






