Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bugun tashrif bilan Toshkentga kelgan Evropa parlamenti Tashqi ishlar qo`mitasi raisi Devid Makallisterni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Tashqi ishlar vazirligi ma`lumotiga ko`ra, uchrashuvda O`zbekiston va EI o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, parlamentlararo muloqotni faollashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
Tomonlar EI va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakillarining Toshkent shahrida bo`lib o`tgan bugungi maslahat uchrashuvi hamda joriy yil 31 yanvar kuni Bryusselda bo`lib o`tgan «O`zbekiston – EI» parlament hamkorligi qo`mitasining 15-yig`ilishining samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni kengaytirish, EIning etakchi kompaniyalarini O`zbekistonga jalb etish zarurligi qayd etildi.
Turli daraja va shakllarda bo`lib o`tadigan tadbirlar jadvali yuzasidan o`zaro fikr almashildi.
EI va unga a`zo davlatlar bilan birgalikda Orolbo`yi mintaqasining ekologik jihatdan zaif mintaqasida ijtimoiy yo`naltirilgan loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar ham ko`rib chiqildi.






