O`tgan yili Iordaniya poytaxti Ammanda ayollar klublari o`rtasidagi Osiyo chempionati bo`lib o`tgandi. Unda O`zbekiston sharafini – “Bunyodkor-W” ayollar jamoasi himoya qilgan edi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar bermoqda.
2022 yilgi mavsumda ham OFK ayollar klublari o`rtasida Osiyo chempionati tashkil qiladi. Unda 2 ta mintaqada jami 8 ta jamoa ishtirok etadi. G`arb mintaqasida O`zbekistonning amaldagi chempioni – “So`g`diyona-W” Hindiston, Eron va Iordaniya chempionlariga qarshi bahs olib boradi. Musobaqa 15-28-avgust sanalari oralig`ida o`tkazilishi belgilangan.
Ayollar jamoalari o`rtasida O`zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o`tgan mavsumdayoq yo`lga qo`yilgan lisenziyalash jarayoni qit`ada ayollar futbolini rivojlantirishga jiddiy e`tibor qaratayotgan OFK tomonidan 2022 yildan boshlab barcha a`zo davlatlarda ham majburiy tartibda tatbiq etiladi.
Shu asnoda 2023 yilda ayollar jamoalari o`rtasida 8 ta klub ishtirokida ilk na`munaviy Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinsa, 2024 yildan e`tiboran ayollar jamoalari uchun to`laqonli OChLga start beriladi va unda faqat lisenziya olgan klublargina ishtirok etadi.
Ma`lumot uchun, 2021 yil yakunlariga ko`ra O`zbekistonning “So`g`diyona-W” hamda “Bunyodkor-W” jamoalari Osiyo bo`yicha eng birinchi ayollar klublaridan bo`lib OFK lisenziyasiga ega chiqishgan.






