1

Dunyoda 1 milliarddan ortiq yoshlarning salomatligi xavf ostida. Nega?

Salomatlik 06.03.2022, 15:28
Dunyoda 1 milliarddan ortiq yoshlarning salomatligi xavf ostida. Nega?

Odatda, katta yoshli kishilar shovqin-suronni xushlamaydi. Yoshlar esa, aksincha, baland chastotalarda musiqa tingashga o`ch. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida ushbu holat tobora urfga aylanib bormoqda. Xo`sh, buning nimasi yomon?

Gap shundaki, hozir dunyo bo`yicha 12-35 yosh oralig`idagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yo`qotish xavfi ostida. Bunga to`yu tomoshalar, ko`ngilochar tadbirlarda davomli ravishda baland ovozda musiqa eshitish sabab bo`lmoqda.  

Shu bois Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti jamoat joylari va ommaviy tadbirlarda xavfsiz tinglashning yangi xalqaro standartini ishlab chiqdi. U ovoz kuchaytirgich yordamida musiqa ijro etiladigan maskanlar va tadbirlarga taalluqli.

 Yangi standartlar 6 ta tavsiyani o`z ichiga oladi:  

Birinchi tavsiya: o`rtacha shovqinning maksimal darajasi — 100 desibeldan oshmasligi kerak.

Ikkinchi tavsiya: shovqin darajasi maxsus texnik vositalar yordamida alohida xodimlar tomonidan real vaqt rejimida kuzatib va qayd etib borilishi zarur.

Uchinchi tavsiya: ovoz sifati va xavfsiz eshitish muhitini ta`minlash uchun xona akustikasi va ovoz uskunalarini optimallashtirish lozim.  

To`rtinchi tavsiya: tinglovchilarni shovqindan himoyalovchi vositalar bilan ta`minlash joiz. Ulardan foydalanish bo`yicha yo`riqnomalar ham bo`lishi maqsadga muvofiq.  

Beshinchi tavsiya: tashrif buyuruvchilar uchun shovqindan xoli va eshitish qobiliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatmaydigan sokinroq joylarni ham tashkil qilish darkor.  

Oltinchi tavsiya: bunday muassasalarda faoliyat ko`rsatadigan xodimlarni o`qitish va ularning xabardorligini oshirish kerak.  

️Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur.

JSST dunyo davlatlarini bu tavsiyalarni huquqiy normalar bilan mustahkamlashga chaqirish barobarida, jamoatchilik, ota-onalar, o`qituvchilar va shifokorlar tomonidan yoshlarni xavfsiz tinglash amaliyotiga o`rgatish kelajakda katta samara berishini ta`kidlaydi.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1