O`zbekiston Ukrainadagi harbiy harakatlarning to`xtatilishi va muammolarning diplomatik yo`llar bilan hal etilishi tarafdori. Turkiyada o`tayotgan ikkinchi Antaliya diplomatik forumida ishtirok etgan O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov shunday fikr bildirdi.
“Biz juda xavotirdamiz, biz bu haqida ko`p gapirishimiz mumkin. Ammo dunyodagi aksariyat odamlar kabi, biz ham kuch ishlatishni to`xtash va barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo`llar bilan hal qilinishini xohlaymiz”, degan Komilov.
Vazir Abdulaziz Komilov forumning “Afg`oniston: yangi voqeliklarga qanday munosabatda bo`lish kerak?” panel sessiyasida so`zga chiqqan. U O`zbekistonning qo`shni Afg`onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o`rnatish, afg`on xalqiga insonparvarlik yordami ko`rsatish, gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida Afg`onistonda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirish borasidagi sa`y-harakatlari haqida ma`lumot bergan.
Shuningdek, xalqaro hamjamiyatning Afg`onistonni iqtisodiy tiklash, mintaqaviy integrasiya jarayonlariga jalb qilish bo`yicha faol choralar ko`rishi zarurligi ta`kidlangan.






