1

Tunda chiroqni yoqib uxlash qanday kasalliklarga sabab bo`ladi?

Salomatlik 23.03.2022, 11:21
Tunda chiroqni yoqib uxlash qanday kasalliklarga sabab bo`ladi?

SSV Matbuot xizmatining xabar qilishicha,  bundan 23 yil avval AQSh olimlari yorug` joyda uxlash ko`rish qobiliyati pasayishiga sabab bo`lishini aniqlagan. Yaqinda o`tkazilgan tadqiqot natijasida esa bunga doir yanada xavotirli oqibatlar ma`lum bo`ldi.

Qo`shma Shtatlarning Shimoli-g`arbiy universiteti qoshidagi tibbiyot maktabi olimlari maxsus o`rganishlar natijasida har qanday yorug`lik muhitida uxlash metabolik sindrom, ya`ni qandli diabet, yurak kasalliklari va erta o`lim xavfini oshiradi, degan xulosaga keldilar.

Jarayon ishtirokchilari yorug`, o`rtacha yorug` va nimqorong`u xonalarga joylashtirildi. Ular ana shunday sharoitda tungi uyquga ketdilar. Tadqiqotchilar esa organizmdagi o`zgarishlarni kuzatib borishdi.

Tong otgach, yorug` xonada uxlaganlar qon tarkibi tekshirilganida, ularda glyukoza miqdori oshib, organizmda me`yoridan ortiq insulin ishlab chiqarilgani ma`lum bo`ldi.

Mutaxassislar fikricha, agar bunday harakat davomli tus olsa, odamda bora-bora qandli diabet xastaligi rivojlanishi, ortiqcha vazn paydo bo`lishi mumkin.

O`rtacha yorug`lik ta`sirida esa yurak urishi tezlashishi, yurak qisqarishi va qon aylanish me`yori buzilishi kabi holatlar qayd etildi.

Xo`sh, tungi uyqu uchun eng maqbul muhit qanday bo`lishi kerak?

Olimlarning ta`kidlashicha, tunda, albatta, chiroqlarni o`chirib uxlash lozim. Agar  bunga ko`nikish imkonsiz bo`lsa, tunchiroqni polga yaqinroq joylashtirish tavsiya etiladi.

Qolaversa, ushbu jarayonda ranglarning ham ahamiyati katta. Qizg`ish va to`q sariq chiroqlar miyaga u qadar bosim o`tkazmaydi. Oq yoki ko`k rangli yoritkichlardan foydalanmaslik zarur. Elektron qurilmalar ekranlaridan taralayotgan yog`du ham uyqu mahali salomatlikka ziyon etkazadi.

Xona ichiga ko`cha yoritkichlari nuri tushmasligiga ham e`tibor qaratish darkor. Bunday sharoitda qora pardalar yoki maxsus ko`z niqoblarini qo`llash foyda beradi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1