Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Rejep Tayyip Erdog`an Xivadagi Ichan qal`aga tashrif buyurdi.
Ma`lumki, ikki etakchining ham tarixga qiziqishi, hurmati baland. Davlatimiz rahbari Turkiyaga tashrifi chog`ida Istanbuldagi Topkapi saroyini borib ko`rgan edi. Rejep Tayyip Erdog`an ilgari yurtimizga kelganida Buxoroni ziyorat qilgan.
Bu qal`a Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan-bir butun boshli shahar-yodgorlikdir. Uning «ochiq osmon ostidagi muzey» deya e`tirof etilishi shundan. Bu erda 120 dan ziyod me`moriy obidalar bor.
Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YuNESKO Madaniy meros ro`yxatiga kiritilgan. 1997 yilda shaharning 2500 yillik yubileyi nishonlangan.
Bu uzun tarix davomida Xiva ko`plab turkiy davlatlarning markazi bo`lgan. U 2020 yilda Turksoy xalqaro tashkiloti tomonidan Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e`lon qilingan.
Shu jihatdan, O`zbekiston va Turkiya Prezidentlarining bu qadimiy shaharga tashrifi katta ma`noga ega.
Mehmonlar Ichan qal`adagi Ota darvoza, Ko`k minora, Ko`hna ark saroyi va madrasalar, hunarmandlik rastalarini ko`zdan kechirdi. Pahlavon Mahmud maqbarasi, Juma masjidi ziyorat qilindi.
Davlat rahbarlari hunarmandlar, sayyohlar bilan samimiy suhbatlashdi.
Xorazmcha qo`shiq va raqslar ijrosi barchaga ko`tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Xivaning davlatchilik va ilm-fan rivojida tutgan o`rni, qadimiy obidalari va san`ati turkiyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.






