Avval xabar berganimizdek, Prezidentning "Avtomobil yo`llarida inson xavfsizligini ishonchli ta`minlash va o`lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori qabul qilindi.
Yo`l harakati qoidalariga so`zsiz rioya qilinishini ta`minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutuvchi haydovchilarga yo`l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilmoqda:
- har bir yo`l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
- hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma`lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o`rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
- muayyan davr mobaynida yo`l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag`batlantirish choralari qo`llaniladi.
Bir oy muddatda ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, haydovchilarga yo`l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari tayyorlanadi.