DXXning Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Matbuot xizmati xabar qilmoqda. Unga ko`ra:
* Poytaxt tomon harakatlangan Farg`onada yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Neksiya” Toshkent viloyatining “Chinor” YPX maskanida to`xtatilib, avtomashinada 1196 dona “Tropikamid”, 5544 dona “Regapen” va 56 dona “Lirika” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. fuqaro qo`lga olindi.
* Qirg`iziston Respublikasidan olib kelingan dori vositalarini Toshkent shahriga berib yuborgan, Namangan viloyatida yashovchi shaxs ham Andijon viloyatida ushlanib, uning “Neksiya” rusumli avtomashinasida bo`lgan 1002 dona “Tropikamid” dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
* Poytaxtimizning Yangihayot tumanida harakatlanayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1975 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to`xtatilib ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida bo`lgan 495 dona “Tropikamid” dori vositalari o`rnatilgan tartibda olib qo`yildi. Shuningdek, ushbu dori vositalarining egasi — Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. shaxs qo`lga olindi.
* Uchtepa tumanida yashovchi, 1995 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinadan esa 1680 dona “Regapen” dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
* Namangan viloyatida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli avtomashina Shayxontohur tumani hududida to`xtatildi va unda 198 dona “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, ularni sotib olmoqchi bo`lgan, Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi, 1965 y.t. shaxsning yashash xonadonidan 50 dona “Tropikamid” va 56 dona “Regapen” dori vositalari olindi.