1

Qanday chaqaloqlar kam vaznli hisoblanadi va ular qanday parvarishlanadi?

Salomatlik 07.04.2022, 10:23
Qanday chaqaloqlar kam vaznli hisoblanadi va ular qanday parvarishlanadi?

Yangi tug`ilgan chaqaloq – ota-ona quvonchi. Ammo orziqib kutilgan mehmon nimjon va kam vazn bilan tug`ilsa-chi? Albatta bunday paytda go`dak uchun murakkab muolajalar, malakali shifokorlar parvarishi, yaqinlar e`tibori lozim bo`ladi.

Toshkent shahar Perinatal markazining neonatal xizmati bo`yicha direktor o`rinbosari Malika Usmonova kam vaznli bolalar parvarishida e`tibor qaratilishi kerak bo`lgan jihatlar xususida so`zladi.

"Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti agar bola homiladorlikning 22-haftasida tug`ilib, unda nafas, yurak urishi, kindik pulsasiyasi yoki mushaklar harakatidan biri kuzatilsa, og`irligi 500 gramm, bo`y uzunligi 25 santimetr bo`lsa, tirik tug`ilgan deb atashni tavsiya qiladi", — deydi M. Usmonova.

— Kam vazn bilan tug`ilganlik uchta darajaga bo`linadi.

Bular:

  • Kam vaznli – 2500-1500 gramm.
  • O`rta kam vaznli – 1499-1000 gramm.
  • Juda kam vaznli – 999-500 gramm.

Kichik vaznli bolaning ko`rinishi, tana a`zolari sog`lom tug`ilgan chaqaloqnikidan farq qiladimi?

— Albatta. Garchi, bunday go`daklarning tana a`zolari shakllangan bo`lsa-da, funksional jihatdan ancha zaif va o`z vazifasini to`liq bajarishga qodir bo`lmaydi.

Yuqori nafas yo`llari nozik bo`lib, ko`krak qafasi nafas olishda kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, pulsi sust, me`da-ichak va nerv tizimlari funksional rivojlanmagan, tanasi esa haroratni bir me`yorda ushlab tura olmaydi.

Tashqi muhitdagi kattalar uchun arzimas bo`lgan o`zgarishlar bunday chaqaloqlar organizmida jiddiy shikastlanishlarga sabab bo`lishi mumkin. Shu bois ularni parvarishlash zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda shifokorlardan yuksak malaka, fidoyilik, ota-onalardan esa sabr-toqat talab etadi.

Bunday chaqaloqlar qanday parvarishlanadi?

— Homiladorlik muddati qancha kam bo`lsa, bolaning vazni ham shuncha oz bo`ladi. Demak, rivojlanishning shu davrlari bachadon ichida tabiiy kechmasdan, chaqaloq chala tug`iladi. Bunday go`daklarning a`zolari shakllangan bo`lsa-da, funksional etilmagan hisoblanadi.

Shu sababli, ularni parvarishlashning asosiy prinsiplari — tana harorati nazorati, nafas etishmovchiligini davolash, ovqatlantirish, infeksiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar jiddiy muolajalar hisoblanib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni talab etadi.

Chunki bunday chaqaloqlar uchun maxsus reanimasiya o`rinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitgich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlar zarur. Shu bilan birga, tibbiy xodimlarning bilim darajasi ham muhim.

Bunday chaqaloqlarning parvarishi zarur ko`nikmalarga ega mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Dastlab bolalar jonlantirish bo`limida holatiga qarab yotqiziladi. Keyin parvarish bo`limiga o`tkaziladi.

Albatta bu jarayonlarda ota-onalarning ham alohida o`rni bor. Ayniqsa, onalar birinchi navbatda shaxsiy gigiena va farzandini parvarishlashda sanitariya qoidalariga qat`iy amal qilishi zarur. Agar bolaning tana harorati 36,50Sdan tushib ketsa, “teriga-teri” kontaktini o`tkazish, chaqaloq tagliklari quruqligiga e`tibor qaratish, eng muhimi, uning muammolariga sabr-toqatli bo`lishi kerak.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1