AsosiyJamiyat

«Andijon» bojxona posti boshlig`i va uning ikki xodimi hibsga olindi

'«Andijon» bojxona posti boshlig`i va uning ikki xodimi hibsga olindi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2022 yil 17 fevral kuni Prezident bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazib,  Davlat bojxona qo`mitasiga bu borada talay vazifalar yuklagan edi. Ayni paytda Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati "darakchi.uz"ga sohada aniqlangan korrupsion jinoyat tafsilotlarini ma`lum qildi. 

Keltirilishicha, 2022 yil 3 mart kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do`stlik” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransportiga hujjatlar, 5780 AQSh dollari qiymatidagi tovarlar yuklangan.

Ammo, inspeksion ko`rik majmuasi orqali olingan rentgen tasvirlari bojxona xodimlarining diqqatini tortdi. Ya`ni, tirkamada hujjatlarda ko`rsatilmagan tovarlar bor degan asosli shubhalar yuzaga keladi. Ammo, chegara-bojxona postida ushbu yuk avtotransport vositasidagi yuklarni tushirib, to`liq bojxona ko`rigidan o`tkazish uchun sharoit mavjud emasligi sababli, tovarlar “Andijon” TIF bojxona postiga mazkur post boshlig`ini ogohlantirgan holda, bojxona nazorati ostida yo`naltiriladi. 

2022 yil 3 mart kuni yuk egalari bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirib, elektron ravishda taqdim qilishadi. Xavfni boshqarish tizimi orqali ushbu deklarasiya avtomatik ro`yxatga olinadi va “qizil” yo`lakka yo`naltiriladi. Ya`ni, tovarlar bojxona ko`rigidan o`tkazilishi lozim edi. 

"Qizig`i shundaki, oradan 30-40 daqiqa o`tib, tovarlar bojxona ko`rigidan o`tkazilmay, bojxona omboridan olib chiqib ketiladi. Yuklar chiqib ketganidan 10 daqiqa o`tib, tovarlar import bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi.  Boz ustiga boshqa xodimning elektron kaliti orqali! Aslida avval rasmiylashtirilib, so`ngra olib chiqib ketilishi kerak emasmidi? Go`yoki hammasi xamirdan qil sug`urgandek oson bitayotgan edi. Ammo, ushbu yuk avtotransport vositasi Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyatining maxsus topshirig`iga binoan Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan tezkor kuzatuvga olinganini na yuk egalari, na ularning bojxona postidagi hamtovoqlari bilmas edi", - deyiladi qo`mita taqdim etgan ma`lumotda. 

2022 yil 3 mart kuni bojxona omboridan o`z manziliga yo`l olgan yuk avtotransport vositasi haydovchisi va undagi yuk egalarining quvonchi uzoqqa cho`zilmaydi. Andijon shahri “Gulzor” ko`chasida transport vositasi to`xtatiladi. Yuk avtomashinasi bojxona omboriga qaytarilib, undagi tovarlar to`liq ko`zdan kechirilganida hujjatlarda ko`rsatilmagan 31 turdagi tovarlar ortilganligi fosh bo`ladi.

Shunday qilib, hujjatlarda ko`rsatilmagan kiyim-kechaklar, poyabzallar, kosmetika vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa tovarlarning umumiy qiymati 5 mlrd. 565 mln. so`mdan oshmoqda. 

Qayd etilishicha, agar ushbu tovarlar qonuniy yo`llar bilan import qilinganida, davlat byudjetiga 1 mlrd. 944 mln. so`mdan ortiq bojxona to`lovlari undirilgan bo`lardi. 

Ma`lumot uchun: 1 mlrd. 944 mln. so`m yoshga doir eng kam pensiya oladigan salkam 300 nafar fuqaroning 1 yillik pensiya puli bo`ladi. 

 Qo`mita matbuot xizmati xabariga ko`ra, 2022 yil 19 mart kuni Davlat bojxona qo`mitasida korrupsiyaga qarshi kurash masalasida bo`lib o`tgan navbatdagi xizmat yig`ilishida yuqoridagi voqeaning qo`shtirnoq ichidagi 4 nafar qahramonlari ham ishtirok etdi. 

Yig`ilishda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgani ma`lum qilindi va “Andijon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig`i va 2 nafar xodimlari shu erning o`zida hibsga olindi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar