1

Yorga etkur sabokim, yoki Amir temur she`r yozganmi?

Mutolaa 09.04.2022, 12:01
Teglar: Amir Temur
Yorga etkur sabokim, yoki Amir temur she`r yozganmi?

9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun.

Sohibqiron Amir Temur  buyuk sarkarda va siyosatchi bo`lishi barobarida madaniyat, ilm-fan va adabiyotning ulug` homiysi sifatida tarixda qoldi. Amir Temur va temuriylar davrida turkiy til va adabiyot yuksak cho`qqilarga ko`tarildi. O`nlab buyuk shoirlar etishib chiqdi, yuzlab bebaho durdonalar yaratildi. 

Alisher Navoiy “Majolisun-nafois” asarida ko`plab hukmdorlar orasida Amir Temurni birinchi bo`lib tilga olgan, “Agarchi bu ulug` zot she`r yozmagan bo`lsa-da, u aytgan har bir bayt ming baytga teng” deb lutf qilgandilar. 

 Shayx qo`rqqanidan Qur`onga chang soldi

Navoiy yuqoridagi fikrning isboti sifatida quyidgi voqeani misol keltiradi. 

Amir Temur zamonasida mashhur mutasavvif olim Abu Said Abulxayrning bir ruboiysi juda shuhrat qozongan, hatto bu ruboiyning g`ayrioddiy xususiyatlari haqida gap-so`zlar tildan-tilga ko`chib yurardi. 

Bu ruboiyning sharhi xususida  keyinchalik Xoja Ahrori Valiy o`zining “Havroiya” noml qasidasini ham bitgan edi. Mana o`sha ruboiy

     Havro ba nazorai nigoram saf zad,

     Yak xoli siyah bar on ruxon mutraf zad,

     Rizvon ba ajab bimondu kaf bar kaf zad

     Abdol zi biym chang bar mushaf zad.

(Ma`nosi: hurlar nigorimni tomosha qilish uchun saf tortishdi. Bir qora xol ularning yuzlariga parda tortdi. Jannat ham hayratda qolib, kaftini kaftiga urdi. Pir qo`rqqanidan Qur`onga chang soldi.)

Bu ruboiydan o`z vaqtida Amir Temur ham xabardor bo`lgan. 

O`sha paytlarda Ozarboyjon boshqaruvi Amir Temurning ikkinchi o`g`li Mironshoh Mirzoga topshirilgan. Biroq, Mironshohning ichkilikka mukkasidan ketishi davlat ishlariga ta`sir ko`rsata boshladi. Uning g`alati qiliqlari haqidagi gap-so`zlar Samarqandga ham etib keldi. Sohibqironga Mironshohning ichkilikka berilishiga uch kishining sababchi ekani etkazildi. Amir Temur uchovining ham boshini olib keltirishni amr qildi. Mulozimlar ulardan ikki nafarini tutib qatl qilishdi. Ammo uchinchisi – Xoja Abdulqodir Marog`iy o`zini devonalikka solib darbadarlikni ixtiyor qildi. 

Sohibqiron Iroqqa yurish qilganida, Xojaning shu atrofda yurganini xabar qilishdi. Nihoyatni uni qo`lga olib, podshoh huzuriga olib kelishdi. Xoja Abdulqodir o`z vaqtida go`zal ovozi, musiqadan puxta xabardorligi, shuningdek, Qur`on qiroati bilan ham shuhrat qozongan bo`lib uning go`zal ovozi bor edi. 

Podshohning huzuriga olib kelishlari bilan u qo`rqqanidan nima qilarini bilmay, Qur`on oyatlarini tilovat qilishga tushdi. Bu holatni ko`rgan sohibqiron kulib yubordi va o`sha mashhur ruboiyning oxirgi misrasini aytdi?

Abdol zi biym chang bar mushaf zad,

  • Ya`ni, pir qo`rqqanidan Qur`onga chang soldi. 

Garchi falsafiy ma`noga ega bo`lgan bu ruboiyda ushbu misra boshqacha ma`noga ega bo`lsa-da, Amir Temur uni zakiylik bilan o`z o`rnida ishlatgan, buni Navoiy “yilda bir, asrda bir yuz beradigan hodisa” sifatida baholagan edi. 

 ...Qaytadur bir kun anga

Amir Temur fors va arab tillarini puxta bilsa-da, ona tili – turkiy tilni ardoqlar, ko`pgina nomalari, farmonlari, tarixiy kitoblarini shu tilda bitar edi. Amir Temur tomonidan 1391 yil Oltin O`rda xoni To`xtamishga qarshi yurish qilgan chog`ida hozirgi Qozog`istonning Qarag`anda viloyati hududidagi Ulug`tog` etaklarida toshda bitib qoldirilgan bitiklar tilimiz sohibqiron paytida qanchalik tiniq va jozibali bo`lganini ko`rsatadi: “Tarix etti yuz to`qson uchinda, qo`y yili yoz oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bila islom uchun To`xtamishxon – Bulg`or xonig`a (qarshi) qarshi yurdi. Bu erga etib, belgi bo`lsun deb bu o`bani qo`pordi. Tangri nusrat bergay, inshooloh. Tangri el kishiga rahmat qilg`ay, bizni duo bila yod qilg`ay”. 

Ma`lumotlarga ko`ra, uning tarjimai holi va o`gitlarini o`z ichiga olgan “Temur tuzuklari” asari ham dastavval turkiy tilda bitilgan, keyinchalik Boburiylar saroyida forschaga o`girilgan. 

 Ma`lumki,  sohibqiron dastlab ittifoqchisi bo`lgan Amir Husaynning ochiqchasiga xiyonat qilgan, shu xiyonat sabab 1365 yilda Chinoz yaqinida yuz bergan Loy jangidan mo`g`ullarga engilgan edi. Chunki, Amir Husayn o`z qo`shini bian yordamg etib kelmagan, shu bois sarkarda juda katta talafotga duch kelgan edi. 

Bu Husaynning Amir Temurga yagona xiyonat emasdi U Amir Husayn bilan markazlashgan davlat barpo etish maqsadida yurgan kezlari, Amir Husaynning hiylasi bilan ular orasiga nifoq tushadi. Shunday og`ir bir vaziyatda Amir Husayn Amir Temurni o`ldirishni rejalashtirib, unga “do`stlik va qardoshlikni” taklif etadi va Qur`onni qo`lga olib qasam ichadi. Va uni Temurga yuborib, elchi orqali “o`rtadagi ahdu-paymolimizni yangilasak, xudo xaqqi durust bo`lur edi”, deb Chakchak darasida uchrashishni taklif etadi. 

Amir Husaynning niyati qora edi. U Amir Temurni o`ldirmoqchi, yo`lidagi asosiy va birdan-bir “g`ov”ni olib tashlamoqchi edi. Buni Amir Temur juda yaxshi tushunib turar edi. Shunday bo`lsada, Qur`on hurmatini saqlab, aytilgan joyga boradi. Lekin ehtiyot chorasi bilan ikki yuz otliqni o`sha erga maxfiy joylashtiradi. Bundan bexabar Amir Husayn ming navkari bilan Amir Temur ustiga to`satdan hujum qiladi. Lekin Ollohning irodasi bilan Amir Temur g`alaba qozonadi. Shunda sarkarda Amir Husaynga ushbu mazmunda turkiy bayt yozib yuboradi: 

Yorga etkur sabo, kim makr qilmishdur manga,

Qildi ersa kimga makrin, qaytadir bir kun anga.

Ya`ni kim menga makr, hiyla qilsa sabo (tong shamoli) uni yorga (ya`ni Ollohga) etkazadi. Kim kimga makr, hiyla qilsa bir kun o`ziga qaytadi, Ro`zi Mahsharda javob beradi.

Bunday sermazmun va serjilo baytni bitish uchun yuksak tafakkur va katta ma`naviyat salohiyat sohibi bo`lish kerak. Binobarin, sohibqiron Amir Temur ana shunday ulug` hofiza va aql-zakovat sohibi edi.

              Shoir va fotih uchrashuvi 

Xuroson ustiga qilgan fath yurishlaridan birida fors mamlakatining poytaxti Sherozni ham oladi. Bu shaharda jahonga  mashhur fors shoiri, Hofiz   Sheroziy istiqomat  qilardi. Shoirning:

Agar on turki sheroziy ba dast orad dili oro,

Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo

     Ya`ni:

Agar ko`nglim shod etsa, o`shal Sheroz jononi,

    Qaro xoiga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni,

  • degan bayti jahonga taralib ketgan edi. 

Aytishlaricha, Amir Temur Sherozda shoirni o`z huzuriga chaqirtiradi va unga  g`azab bilan: “Men er kurrasining juda katta qismini bo`ysundirdim va o`z hukumatim o`rnashgan qadrdon shaharlarim Samarqandu Buxoroni obod qilish uchun topgan-tutganimni ayamadim, sen esahar ikkovini bir qizning qora xoliga berib yubormoqchimisan?”– deydi. Shunda Hofiz Sheroziy qo`l qovushtirib turib: “A`lohazrat, shunaqa qo`li ochiqligimdan o`zingiz ko`rib turgan gadolik holiga tushdim-da”, –  deb javob qiladi. Bu javob sohibqironga ma`qul bo`ladi va shoirga qimmatbaho sovg`alar hadya qiladi. 

Amir Temur va Hofiz Sheroziy orasidagi munozaralarning turli talqinlari mavjud bo`lib, boshqa bir rivoyatga ko`ra, sohibqiron: “Ey shoir, siz Sherozdan boshqa joyni ko`rmaganingiz uchun, Sherozdan go`zal joy dunyoda yo`q deb o`ylaysiz. Sizning Sherozingiz mening Samarqandimga qaraganda kichik va ko`rimsiz. Samarqand ilgaridan dunyoning go`zal shaharlaridan edi. Men uni yana ham go`zlallashtirdim va dunyoning obod shaharlaridan qildim. Istasangiz yuring, sizni Samarqandga olib ketay” deydi. 

Ammo Hofiz qariligini pesh qilib, o`z shahrini qo`yib qolgan umrini Samarqandda o`tkazishga rozi bo`lmaydi. Sohibqiron ham uning ra`yiga qarshi bormay, farovon hayot kechirmog`i uchun ming dinor tuhfa qqilad. 

Ana shu misollarning o`zi ham Amir Temurning she`riy iqtidorga egaligi, she`riyatga, shoirlarga, adabiyot ahliga alohida g`amxo`rlk ko`rsatganidan darak beradi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1